Islom – insonlarni ezgulikka chorlaydi
Bugun mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Yillar davomida ota-bobolarimizning erisholmay kelgan orzu-umidlarini ko‘rish sizu bizga nasib etdi. Mustaqillik yillarida yuzlab yangi masjidlar qurildi, ziyoratgohlar tiklandi, madrasa va diniy ta’lim muassasalari ochildi. Bu borada amalga oshirilgan xayrli va ibratli ishlarni Andijon misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
– Bugun mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, xonadonimizdagi osoyishtalik, dasturxonlarimizning to‘kinligi Yaratganning biz bandalariga ko‘rsatayotgan cheksiz rahmati, yurtimizda olib borilayotgan oqilona siyosat, qolaversa, yurtdoshlarimizning ezgu ishlari samarasi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, - deydi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili – viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud Alimov. - Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab: «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U - xotirjamlik va sihat-salomatlik» degan edilar. Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ne’mati hisoblanadi. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham tinchlik va osoyishtalikdandir. Shunday ekan, insonlar tinchlikning qadriga yetib, ne’matlarning boriga qanoat qilib, shukrona keltirib yashamog‘i joiz.
[gallery-3938]
– Shukrlar bo‘lsinki, bugun mamlakatimizda mo‘minlarning emin-erkin ibodat qilishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Bir paytlar diniy bilim olish, hatto hayit namozlarini o‘qish uchun juda katta to‘siqlar qo‘yilgan edi, - deydi Marhamat tumani O‘qchi mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Nozimjon Naziraliyev. – Hayit, juma namozlari o‘qiladigan masjidlarimiz ham u qadar ko‘p bo‘lmagan. Sobiq ittifoq davrida odamlar, ayniqsa, namozxonlarning qanchalar qiynalganligini katta avlod vakillari yaxshi biladi. Shukrki, bugun unday to‘siq va tazyiqlar umuman qolmagan.
Andijon viloyatida 1990 yilda yuzga yaqin jome masjidi bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, viloyatda 181 ta jome masjidi faoliyat yuritmoqda.
Viloyatning qaysi bir tuman yoki shahriga bormang, masjidlarning ozoda, pokiza va ko‘rkamligiga, ayniqsa, namoz o‘quvchi va ibodat qiluvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligiga havasingiz keladi.
– Qishlog‘imizdagi «Umar ibn Xattob» jome masjidi xonalariga konditsionerlar o‘rnatilgan bo‘lib, yozda salqin, qishda issiq, umuman, namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, - deydi Paxtaobod tumani Chuvama mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Tolibjon Qo‘ziboyev. – Ayniqsa, tahoratxonalar issiq, sovuq suv bilan ta’minlanganligi, tahorat olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganligi namozxonlar behad mamnun.
Keyingi ikki yil ichida viloyatdagi o‘nlab jome masjidlarida qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Andijon shahridagi «Qoraqo‘rg‘on», Asaka tumanidagi «Imomi Zufar», Xo‘jaobod tumanidagi «Ko‘fa», Oltinko‘l tumanidagi «Oqtepa», Baliqchi tumanidagi «Qilich Burxon ota», Marhamat tumanidagi «Mirishkor ota» singari o‘nlab jome masjidlarida olib borilgan ishlarni alohida e’tirof etish o‘rinli.
Viloyat hokimligining tashabbusi hukumatimizning ko‘magi bilan bilan Andijon shahri, Mustaqillik ko‘chasidagi «Bosh» jome masjidida olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida masjid butunlay yangicha qiyofaga ega bo‘ldi.
Dastlab 1870 yilda tiklangan ushbu masjidda qurilish-ta’mirlash ishlari 2018 yilda boshlanib, shu yil may oyida yakunlandi.
Yangi bino qadimiy chor ayvon va chor darvoza uslubida barpo etildi. Uning ikki chetida balandligi 54 metrlik minoralar, asosiy binoning tepa qismida diametri 18 metrli gumbaz qurilgan.
Qayta qurishdan avval masjidda bir vaqtda 5 ming kishi namoz o‘qigan bo‘lsa, endilikda ushbu masjid 15 mingdan ortiq namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
«Bosh» jome masjidning qurilishi uchun qariyb 00 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. (Agar aniq summa bo‘lsa yozamiz, bo‘lmasa, ushbu jumlani chiqarib tashlaymiz)
bugungi kunga kelib, namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida qator bozorlar, savdo komplekslari, yirik oshxona va choyxonalarda tahoratxona hamda namozxonalar tashkil etilgan.
Fuqarolarning diniy bilim olishlariga ko‘maklashish maqsadida Andijon shahridagi Sayyid Muhyiddin mahdum nomli o‘rta maxsus islom bilim yurtida qiz-ayollar va erkaklar uchun diniy saboq berish, qur’onni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilib, ularda yuzlab yurtdoshlarimiz diniy saboq olmoqda.
Muxtasar aytganda, insonlarni ezgulikka, xayrli ishlarga boshlovchi dinimiz, diniy qadriyatlarimiz bugun to‘la tiklandi, hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
Inson dunyoda chiroyli va solih amallar bilan yashamog‘i kerak. Bu amallar, albatta, xolis niyat bilan bo‘lishligi lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilib: «Albatta, amallar niyatlari bilan», - deganlar. Shu ma’noda dinimiz qadr topayotgan bugungi kunda eng avvalo, niyatimiz, dilimiz pok, imon-e’tiqodimiz mustahkam bo‘lsin. Shundagina ezgulik, xayrli ishlar hamisha hamrohimiz bo‘ladi.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuhriddin UMRZOQOV (surat),O‘zA