Islohotlarni qo‘llab-quvvatlaylik
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, insonlarni har tomonlama davlatdan, hukumatdan rozi qilib yashash bo‘yicha ijobiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu o‘zgarishlarni nafaqat mamlakat aholisi, balki xorijiy davlatlarning mutaxassislari, tahliliy markazlari hamda xalqaro tashkilotlar ham e’tirof etmoqda. Albatta, bu izchil o‘zgarishlar mamlakat siyosiy tizimi rivojlanishida yangi davr boshlanganligidan dalolat beradi.
2020 yilning 25 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari forumiga tashrif buyurib, mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjumandagi ma’ruzasini “Yoshlar – O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” deya nomlagani bejizmas. Anjumanda o‘zbek yoshlarining hech kimdan kam emasligi, yoshlar faoliyati, ularning o‘rni jamiyatimiz uchun nihoyatda muhim ekanligi ta’kidlandi.
2021 yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilishi ham bejiz bo‘lmadi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda OAV tomonidan turli xil muammolar yoritilmoqda va bu ijobiy holat. Bu mamlakatimizda jamoatchilik nazorati kuchayib borayotganligidan dalolat beradi. Masalaning birinchi nozik tomoni shundaki, keyingi paytlarda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda hayotdan nolish ruhidagi isbotlanmagan, asoslanmagan axborotlarning tarqatilishi, mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning ilmiy asoslarini tushunmasdan “xalqni hokimiyatga qarshi qo‘yish”, siyosiy legitimlik va legallikka nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini shakllantirishga urinish holatlari uchrab turibdi. Zero, legallik bu hokimiyatning amaldagi mavjud bo‘lgan me’yorlarga mosligini ifodalasa, legitimlik uning xalq tomonidan e’tirof qilinishini anglatadi.
Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlarning asosiy foydalanuvchilari va ularga munosabat bildiruvchilar talaba-yoshlar hisoblanadi. Bu talaba-yoshlar yoritilayotgan muammolarga nisbatan o‘zlarining ijobiy yoki salbiy fikrlari bilan muayyan auditoriyani o‘ziga jalb etmoqda. Chunki, inson psixologiyasi shundayki, yaxshi, ijobiy axborotlardan ko‘ra, yomon yoki jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yoki muayyan rahbarlik lavozimlarida ishlaydigan insonlar sha’nini, qadrini kamsitishga qaratilgan axborotlarni tez qabul qiladi.
Bundan tashqari, ancha vaqtdan buyon davom etayotgan pandemiya sharoitida yoshlar ko‘proq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda va qaysidir jihatdan OAV, blogerlar tomonidan yoritilayotgan muammolarni yoki turli xil diniy-ekstremistik oqimlarning “virtual tahdidlari” mazmunini tushunmasdan qo‘llab-quvvatlash holatlari ham kuzatilmoqda. Natijada yoshlarimizda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga nisbatan xayrixohlik hissini kuchaytirish qiyin kechmoqda... Eng achinarlisi, hatto pedagog-ustozlar orasida ham davlat siyosatiga nisbatan pessimistik yoki negativ fikrlaydiganlar yo‘q emas. Axir, pedagogning, ustoz-murabbiyning asosiy vazifasi – o‘quvchi va talabaga ta’lim berish, to‘g‘ri yo‘lga boshlash, hayotdagi voqea-hodisalarga ilmiy-mantiqiy yondashish, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash emas-mi?!
Tan olish kerakki, hamma pedagoglarning ham bugungi zamonaviy yosh avlodni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishi uchun mahorati yetarli deb bo‘lmaydi. Chunki, yoshlar maktab va oliy ta’limdan tashqari, Internet, ijtimoiy tarmoqlar bilan uzviy bog‘langan. Shunday sharoitda pedagog-ustozlar ham mamlakat ichki va tashqi siyosatida bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lishi bilan birga, ularni milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda tizimli tahlil etish madaniyati kuchli bo‘lishi lozim. Chunki, globallashuv davri, raqamli texnologiyalar tizimli tahlil etish madaniyatini yuksaltirishni talab etmoqda.
Bizning vazifamiz ta’lim va tarbiya orqali mamlakatni dunyoga tanitishdir.
Hozir oliy ta’lim muassasalari uchinchi va to‘rtinchi avlod dargohlari sari qadam tashladi. Bunday sharoitda har bir darsda berilayotgan fikrlar qanaqadir “Start-up” yoki “mahsulotga” aylanishi kerak, natijada yaratilgan ilmiy mahsulot tijoratlashtirishga yo‘naltirilmoqda. Boshqacha aytganda, an’anaviy uslubdagi oliygohlardan g‘oyalar yaratadigan universitetlarga aylanish muddaomizdir. Bunday sharoitda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari davlat olib borayotgan innovatsion siyosatni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, tanqidiy fikrlar bilan yoshlarni ham o‘z ortimizdan ergashtirishni davom etaversak, kelajakda jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitning buzilishi hamda siyosiy tizim mustahkamligiga putur yetkazib qo‘yishimiz mumkin.
Muxtasar aytganda, biz yoshlarni zararli illatlardan himoya qilib, ular o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga xayrixohlik kayfiyatini shakllantirishga, xalqaro maydonda O‘zbekistonning jozibali milliy brendini mustahkamlashga hissa qo‘shishimiz lozim.
Usmonjon Bo‘tayev,
“Istiqbol” tadqiqot markazi NNT rahbari, siyosatshunos.
O‘zA