Islohotlar shamoli olis qishloqlargacha yetib bormoqda
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi Ko‘l qishlog‘i dengiz sathidan qariyb 4 ming metr balandlikda, eng baland cho‘qqilardan biri Hazrati Sulton cho‘qqisi etagida joylashgan. Ushbu qishloqqa xizmat safari bilan har yili boramiz. Ammo har borganda bir o‘zgarishning guvohi bo‘lamiz.
O‘tgan yili borganimizda tog‘ning mashaqqatli past-baland yo‘llari bizni juda toliqtirib qo‘ygan edi. Hisorak MFY markazidan o‘tirganimiz UAZ mashinasi kuchanib chiqqandi. O‘sha qiyinchiliklar hamon xotiramizda qolgani uchun bu gal ham Hisorak MFY markazigacha o‘zimizning mashinada kelib, qolganiga “Neva” mashinasida ketdik. Ammo bu gal yo‘llar tekis va ravon. Shahrisabz tumanida turizmni rivojlantirish bahonasida tog‘li qishloqlar hisoblangan G‘ilon qishlog‘igacha asfaltlashtirish reja qilinibdi. Shu bois toshloq yo‘llar asfalt yotqizishga tayyorlangan. Og‘ir texnikalarda surib tekislangan. Tik nishabliklarni hisobga olmaganda qiynalmadik hisobi.
Tepaga qarab o‘rlab borar ekanmiz, pastdagi issiq havo o‘rnini salqin va yoqimli shabada egallay boshladi. Daryo o‘zani sekin-sekin jarlikda qola boshladi. Pastda allaqachon g‘arq pishib, yig‘ishtirib olingan mevalar bu o‘lkalarda endigina rang ola boshlagan. Nihoyat Ko‘l qishlog‘iga yetib keldik. Bizni Ko‘l MFY raisi Ismoil Boboyev qarshi oldi.
Birinchi e’tiborimizni tortgan bino yangi qurilayotgan zamonaviy bog‘cha bo‘ldi.
– Qishlog‘imizda 1 ming 400 ga yaqin aholi yashaydi, – deydi Ko‘l MFY raisi Ismoil Boboyev. – Mamlakatimizda inson qadrini o‘ylab amalga oshirilayotgan islohotlar shamoli bizning qishloqqacha yetib kelmoqda. Mana qishlog‘imizda ham 140 o‘rinli zamonaviy bog‘cha barpo qilindi. Bino deyarli tayyor. Jihozlar keltirilsa, foydalanishga topshiramiz. Shu kungacha qishlog‘imiz bolalari bog‘cha ta’limidan bebahra edi. Endi ular ham bog‘cha ta’limini zamonaviy bog‘chalarda olishadi. Yo‘llarimiz anchagina tartibga kelib qoldi. Endi bemalol yengil mashinalarda ham qishlog‘imizga chiqib kelsa bo‘ladi. Bundan tashqari, qishloq oilaviy poliklinikasi ham yangidan qurib berildi. Uni ham sentyabr oyida ochilishi rejalashtirilmoqda. Xullas o‘zgarishlar katta. Albatta bo‘layotgan bu ishlardan xalqimiz juda minnatdor.
Mahalla raisi hamrohligida qishloqni aylanar ekanmiz odamlarning hayotdan xursand ekaniga guvoh bo‘ldik. Qaysi biri bilan gaplashmang shukronalik tuyg‘ularini izhor qilishadi.
Darhaqiqat, biz borgan kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida Ko‘l qishlog‘i aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayotgan ekan. Ko‘chada tez yordam mashinasi kelib qoldi. Bir xonadon oldiga kelib to‘xtadi. Mashinadan tushgan tibbiyot xodimlarini suhbatga chorladik.
MFY
– Bugun olis tog‘ qishlog‘i hisoblangan Ko‘l mahallasida tibbiyot xodimlarimiz bilan birgalikda aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazyapmiz, – deydi Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi davolash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilobar Daliyeva. – 12 nafar viloyat mutaxassislari, 8 nafar qo‘shni tumanlardan tashkil etilgan mutaxassislar, 18 nafar Shahrisabz tumani markazidan tor soha mutaxassislari jalb qilinib, brigadalar 3 ta UTT apparati, 1 ta kolposkop, 2 ta laboratoriya tekshiruvlar uchun analizatorlar, 3 ta EKG, oftolmoskop va boshqa tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. 1 ta mobil brigada tashkil qilinib, uyda yotib qolgan nogironlar, qariyalar, chilla davridagi onalar va ularning farzandlari uy sharoitida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
[gallery-13392]
Qishloqdagi eng katta yangiliklardan biri qishloq oilaviy shifokorlik punkti qurilgani bo‘libdi. Ikki qavatli, zamonaviy tipdagi bu muassasa nafaqat yangilik balki, qishloqning ko‘rki bo‘ldi. Tuman markazidan qariyb to‘qson kilometr olisdagi qishloq ahli uchun bu uzoq yillik orzulardan biri edi, deydi suxbatdoshlarimiz.
– Tuman markazidan qishlog‘imiz 85 kelometr uzoqlikda joylashgan. Yo‘limiz uzoq bo‘lganligi uchun hamda tog‘li qishloq bo‘lganligi uchun aholimiz ha deganda borib chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘ta olmaydi, – deydi Asliddin Hakimov. – Davlatimiz va sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘llab quvvatlashi tufayli har yili qishloq vrachlik punktiga kelib, shifokorlar barcha sohalar bo‘yicha aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, dardlariga shifo bo‘lishadi. Bu inson qadrining amaldagi isboti deb o‘ylayman. Mana bu yil qishloq oilaviy vrachlik punktimiz ochilishi arafasida. Binosining qurilish ishlari bitgan. Jihozlari qolgan. Bundan tashqari, tog‘ sharoitida yuradigan tez yordam mashinasi berildi. Bundan xalqimiz juda mamnun.
Ilk sayohatlarimizda Ko‘l qishlog‘i odamlari o‘z orzulari haqida gapirganda aynan bugun biz guvohi bo‘lgan masalalarga to‘xtalib o‘tgan edi. Oradan ikki yil o‘tib o‘tmay bugun qishloqda bu orzular bo‘y ko‘rsatmoqda. Tog‘lar bag‘ridagi manzillar ham islohotlardan yangilanishlarni tuymoqda. Aholi bundan xursand, inson qadrini ulug‘lash yo‘lida olib borilayotgan bu kabi o‘zgarishlarni o‘z taqdirlari misolida ko‘rayotganlaridan minnatdorligini ularning xotirjam nigohlaridan ham sezish mumkin edi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.