Islohotlar samarasi Do‘stlik tumanida namoyon bo‘ldi
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida o‘tgan 2022 yilda Investitsiya dasturiga asosan umumiy qiymati 133 milliard 400 million so‘mlik 53 ta loyiha ishga tushirilib, 1 ming 220 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgan. Bular sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilgan loyihalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Tumanda 2 ta dastur doirasida jami 21 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Shu o‘rinda, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida tuman markazining me’moriy qiyofasi 3 milliard 800 million so‘m mablag‘ evaziga zamonaviylashtirildi.
Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati tashabbusi bilan “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi Do‘stlik tumani tahlilida” mavzusida o‘tkazilgan media-turda shular haqida so‘z bordi.
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan ushbu tadbirda tumanda o‘tgan 2022 yilda davlat dasturlari ijrosi, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish va uning natijasida yaratilgan yangi ish o‘rinlari, aholi bandligi, fuqarolarga yaratilgan sharoitlar, sanoat va boshqa sohalar tahlili hamda 2023 yilga belgilangan bunyodkorlik, qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishtirilib, hududlarga borib o‘rganildi.
Aholini uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida ham tumanda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, birgina “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “barak” (o‘tgan asrdagi quruvchilar yog‘ochdan qurilgan vaqtinchalik yotoqxona)larda istiqomat qilgan fuqarolar uchun zamonaviy loyihalardagi ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlanib, shundan 1 ta 5 qavatli 20 xonadonga mo‘ljallangan uy foydalanishga topshirilgan.
– Ayni paytda mahallamizda 4 ming 237 nafar fuqaro istiqomat qilib, 1 ta umumta’lim maktabi, 1 ta davlat, 4 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti bor, – deydi “Chinobod” MFY raisi Rauf Yusupov. – Bitkazilib foydalanishga topshirilgan ushbu 5 qavatli uyimizga “barak” larda yashagan 20 ta oila ko‘chib kirgan. “Yangi O‘zbekiston” nomi bilan ataladigan ushbu massivda har biri 20 tadan, jami 700 xonadonga mo‘ljallangan yana 35 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirgan. Shuningdek, ushbu uylar atrofida bog‘, bolalar o‘yin maydonchalari, ijtimoiy ob’ektlar barpo etiladi. Hududdagi mavjud umumta’lim maktabi va davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tubdan qayta ta’mirlanib, qo‘shimcha qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Turli madaniy, maishiy, savdo va boshqa xizmat ko‘rsatish hamda ishlab chiqarish ob’ektlari ham qurilishi nazarda tutilganligi tahsinga loyiq.
[gallery-10968]
Media-tur ishtirokchilari “Chionobod” MFYda qurilib foydalanishga topshirilgan ushbu 5 qavatli uyga ko‘chib kirgan xonadonlarda bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.
– Forish tumanining chekka qishlog‘ida juda qiyin sharoitda, ichimlik suv, tabiy gaz bilan ta’minlanmagan joyda yashab, Do‘stlik tumaniga ko‘chib kelganimizdan keyin, bir qancha vaqt “barak” da yashadik, – deydi ushbu yangi xonadonlardan birida istiqomat qiluvchi, nafaqaxo‘r Hakim Qorjovov. – Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida mana shunday, barcha sharoitlar mujassam uylar qurilib, biz kabi uy-joysizlarga 5 yillik subsidiya asosida topshirildi. Tabiy gaz, issiq va sovuq suv, elektr bilan 100 foiz ta’minlangan. Biror joyida biror kamchilik ko‘rmaysiz. Xudo bersa qo‘shaloq beradi, deganlaridek, o‘g‘lim va kelinim ishli bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im bilan nabiramizni tarbiyalab rohat-farog‘atda yashayapmiz. Yoshim 60 dan oshgan bo‘lsa, esimni taniganimdan beri fuqarolarga bunaqa sharoit, bunaqa g‘amxo‘rlikni ko‘rmagan edim. Shunday xalqparvar Yurtboshimizning boshlari omon bo‘lsin, mingdan-ming rahmat.
Shuningdek, tumanda 3 milliard 200 million so‘mga Mamajon Dadajonov, Qosim Rahimov, Murod Abduvosiyev nomli, “Yangi taraqqiyot” va “Istiqlol” fermer xo‘jaliklari uyushmasi(FXU) hududlaridagi sug‘orish tarmoqlari, 2 milliard 200 million so‘mga “Navbahor”, “Hosil suvi”, “Shakarsoy” va “Jizzax ostonasi” FXUlari hududlaridagi lotok tarmoqlari, 2 milliard 300 million so‘mga Mamajon Dadajonov, Sarkisov hamda Shaxobiddin Ibragimov nomli FXUlari hududida kollektorlar rekonstruksiya qilindi, 2 milliard 200 million so‘mga “Sanoatchilar” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi” da ichimlik hamda oqova suvi tarmoqlari barpo etildi.
Aholini elektr energiyasi, tabiy gaz, ichimlik suv ta’minoti, ichki yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlari bilan bog‘liq, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qiluvchi dolzarb muammolarni hal etish maqsadida tumanga barcha manbalar hisobidan 7 milliard 200 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Shundan 6 milliard 200 million so‘mi respublika byudjeti, 320 million so‘mi mahalliy byudjet va 651 million so‘mi tarmoq korxonalari hamda tashabbuskorlar mablag‘lari hisobidan qoplangan.
Matasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu mablag‘lar asosida “Saritepa” MFYda 1,9 kilometr, “Oltin vodiy” MFYda 1 kilometrlik toza ichimlik suv tarmoqlari tortilib, 1 ta nasos almashtirilgan. “Bunyodkor” MFYga 1 ta transformator o‘rnatilgan. “Mevazor”, “Navro‘z” va “Bunyodkor” MFYlarida 5,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, 148 dona elektr uzatgich temirbeton tayanchlari o‘rnatilgan.
Bulardan tashqari, tumandagi 7 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 25 ta ko‘chaning 21,1 kilometr qismiga shag‘al qoplama to‘shalganyu “Qaxramon” MFYdagi “Islomobod” ko‘chasi, “Bog‘zor” MFYdagi Sharof Rashidov ko‘chasi va “Mevazor” MFYdagi 5 ta ko‘chaning 3,6 kilometr qismi asfaltlangan.
Tadbir ishtirokchilari mahallalarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 1 ming 42 xonadonda 5 mingga yaqin aholi istiqomat qiluvchi Alisher Navoiy nomli mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi. Mahalladagi ichki yo‘llarning 1 kilometriga sement-beton, 1 kilometriga asfalt-beton qoplamalari yotqizilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida mahalla binosi qayta rekonstruksiya qilinib, o‘tgan yili Navro‘z bayramida foydalanishga topshirilgan. MFY tabiiy gaz, ichimlik suv va elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlangan.
Shuningdek, mahalla binosida aholi va yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun kutubxona faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, shaxmat-shashka to‘garagi kun davomida yoshlar bilan gavjum. Aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida bu yerda tashkil etilgan tibbiyot punkti faoliyatidan fuqarolar minnatdor.
– Mahallamizdagi “beshlik” – MFY raisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, mahalla profilaktika inspektori bilan birgalikda ishni aholini xatlovdan o‘tkazishdan boshladik va o‘tkazilgan xatlovimizga ko‘ra mahallamizda 403 nafar ishsiz fuqaro borligi aniqlandi, – deydi ushbu MFYga biriktirilgan hokim yordamchisi Sunnat Yahyoxonov. – Fermer xo‘jaliklaridan ajratilgan 55 gektar yerni mahallamizdagi 110 nafar band bo‘lmagan fuqarolarimizga bo‘lib berib, ular bugungi kunda olgan daromadlaridan minnatdor. Bundan tashqari, mahallamizda hovlili uylar ko‘p bo‘lganligi sababli fuqarolarimizning kattagina qismi parrandachilik bilan shug‘ullanmoqda.
Darvoqe, mahallada tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida bo‘lgan 90 nafar fuqaroga imtiyozli bank krediti, 21 nafar ehtiyojmandlarga subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilish orqali ularga barcha zarur mehnat qurollari subsidiya mablag‘lari asosida olib berilgan. Bu aholining o‘z tomorqa xo‘jaliklarida mehnat qilish bilan bandligini ta’minlash imkoini bergan.
– Mahallamizda yoshlarni ish bilan ta’minlash mikromarkazi mavjud bo‘lib, bu yerda yoshlarimizni kasb-hunarga o‘rgatishga yo‘naltirish, kredit ajratish, tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lganlarni qo‘llab-quvatlash va boshqa shu kabi ishlar bilan shug‘ullaniladi, – deydi mahalla yoshlar yetakchisi Shukur Malikov. – Do‘stlik shahrchasi hududida bo‘lganligimiz bois, bizda asosiy drayver bu – aholiga xizmat ko‘rsatish hisoblanadi. Shuni hisobga olib, qolibli non ishlab chiqarish, qandolatchilik, devor oboylari ishlab chiqarish sexlari, erkaklar, bolalar va ayollar uchun sartaroshxona va go‘zallik salonlari, go‘sht do‘koni, 3 ta oilaviy uy bog‘chasi tashkil etilib, 40 nafarga yaqin yoshlarning bandligi ta’minlangan.
Aholi salomatligini muhofaza qilish bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Shu sababdan ham media-tur davomida tadbir ishtirokchilari Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasi qoshida qayta rekonstruksiya qilinib, yangidan tashkil etilgan 60 o‘ringa mo‘ljallangan 2 qavatli tumanlararo qo‘shimcha shikastlar, qontomir markazi faoliyati bilan tanishtirildi.
– Muassasamiz tumanlararo bo‘lganligi sababli ham bu yerda Arnasoy, Mirzacho‘l, Zafarobod, Zarbdor va o‘zimizning Do‘stlik tumanidan bemorlar kelib davolanadi, – deydi tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliknilika xizmati bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Baxtiyor Eshmurodov. – Shifoxonamiz eng so‘ngi rusumdagi qo‘shimcha shikastlar, kichik jarrohlik va qon kasalliklari va qon quyishga taalluqli bo‘lgan eng zamonaviy tibbiy asbob-uskuna va jihozlar, jumladan, jarrohlik amaliyoti uchun zarur bo‘lgan laparoskop apparati, bundan tashqari MRT, UZI va boshqa zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. Bemorlar uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan byudjet shakllanishi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlar, mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar ajratish bo‘yicha “Tashabbusli byudjet” tartibi joriy etildi.
Ushbu tartib asosida 2022 yil Do‘stlik tumanida maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha 11 ta taklif g‘olib deb topildi. Ushbu ob’ektlarni ta’mirlash uchun 6 milliard 700 million so‘m mablag‘ ajratildi. Joriy yilda ham “Tashabbusli byudjet” tartibi asosida tumanda jami 6 milliard 300 million so‘m, shu jumladan, birinchi va ikkinchi mavsumlarga 3 milliard so‘mdan hamda viloyat byudjetidagi erkin qoldiq mablag‘lar hisobidan 290 million so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tumandagi 2 ta ob’ekt uchun 3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Do‘stlik markaziy suv inshootidan “Saritepa” MFYdagi suv inshootiga boruvchi 3,5 kilometr magistral suv quvurlari rekonstruksiya qilinadi va 1 ta xlorlash uskunasi o‘rnatiladi, yana shu mahalla hududidagi 6 ta ko‘chada yashovchi aholi uchun 4 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortilishi rejalashtirilgan. Dastur mablag‘larining 1 milliard so‘mi hisobiga “Manas” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ichimlik suv inshootining 4 komplekt nasos va jihozlari zamonaviy energiya tejamkor nasoslarga almashtiriladi hamda 1 taxlorlash uskunasi o‘rnatiladi.
Tuman aholisini elektr energiyasi, tabiy gaz, ichimlik suvi ta’minoti, ichki yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlari bo‘yicha “Bog‘zor” MFYga 37 ta temir – elektr uzatuvchi betontayanch va 1 ta transformator o‘rnatiladi.
Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlarga qo‘shimcha, tumandagi sektor rahbarlarining shaxsiy tashabbuslari bilan aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish uchun 26 ta ob’ektda 12 milliard 400 million so‘mlik qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari bajariladi.
Prezidentimizning 2022 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi asosida Do‘stlik tumanida joriy yilda umumiy qiymati 164 milliard 300 million so‘m bo‘lgan 37 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 532 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
Media-tur jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA