Iskandar Maqduniy qal’asini bilasizmi?
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi Muzrabot tumanidagi Kampirtepa yodgorligiga info tur tashkil etdi.
Kampirtepa (Iskandar Maqduniy qalasi) miloddan avvalgi 4 asr oxirida asos solingan qadimiy shahar harobasi bo‘lib, u Amudaryoning o‘ng sohilida Shurob qishlog‘idan 1,5 kilometr masofada joylashgan. Bu shahar Kushon podsholigi davri ya’ni, 1-2 asrlarda gullab yashnagan. Hunarmandchilik va savdo rivojlangan.

Shimoliy Baqtriya hududidagi qiziqarli yodgorliklardan biri bo‘lgan Oks (Amudaryo) bo‘yidagi Kampirtepa 1972 yil arxeologik rekognossirovka vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi E.Rtveladze tomonidan ochilib, hozirgacha o‘rganib kelinmoqda. Uzoq yillik izlanishlar natijasida Kampirtepaning yo‘qotilgan Oks Aleksandriyasi, ekani ma’lum bo‘ldi.
Uzoq yillar davomida dunyo olimlarini qadimgi Grek tarixchisi va geografi Ptolemey asarlarida tilga olingan Oks Iskandariyasi eski Termizda, Afg‘onistondagi Oy-xonimda yoki Kampirtepadami, degan savol o‘yga toltirib, turli bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan edi.
O‘tgan yilning avgust oyida mamlakatimizda o‘tkazilgan “O‘zbekiston–buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorraxasi: imperiya, din, madaniyat” merosi haftaligi doirasida Termiz shahrida tashkil etilgan “O‘zbekiston sivilizatsiyalar chorrahasi” nomli xalqaro arxeologik forumda ellinistik madaniyatning Markaziy Osiyodagi g‘aroyib yodgorligi bo‘lmish Oks Iskandariyasi Surxondaryo viloyati hududida topilgani e’lon qilingan edi. O‘shanda dunyoning turli davlatlaridan anjumanga kelgan mashhur olim va qadimshunoslar, muzeylar va ilmiy institutlar rahbarlari Kampirtepada bo‘lib, noyob arxeologik obida bilan yaqindan tanishdi. Qadimgi harbiy qalaning o‘tmishdan saqlanib qolgan qoldiqlarini ko‘zdan kechirdi.

Akademik E.Rtveladze 1990—2000 yillarda yodgorlikning sharqiy qismida restavratsiya ishlarini olib borgan. Yodgorlikning kirish qismida ramziy devor barpo etilgan. Restavratsiya va rekonstruksiya ishlari, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilgan.
Sayyoramiz arxeologlari va sayyohlarda katta qiziqish o‘yg‘otayotgan Kampirtepa ikki ya’ni, qal’a va undan g‘arb hamda sharq tomonda joylashgan, atrofi devor bilan o‘ralmagan qismdan iborat bo‘lgan. G‘arbdan sharqqa tomon umumiy uzunligi 750 metr, shimoldan janubga 200–250 metrni tashkil etadi.
Viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, yosh arxeolog Zebuniso Alimardanova info tur ishtirokchilarini qadimiy arxeologik yodgorlik bilan yaqindan tanishtirib, uning tarixi, o‘tmishdagi ahamiyati hamda jahon tamaddunida tutgan o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdi. O‘tgan yillarda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari hamda uni saqlab qolish, asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish yuzasidan kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlar to‘g‘risida fikr almashdi.

To‘rt gektar maydonda joylashgan qal’a ark va turar–joylardan tashkil topgan,–deydi Z.Alimardanova.– Uning atrofi qalinligi 5 metr keladigan mustahkam mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Devorga ichki yo‘laklar qilingan. Burchaklarida minoralar o‘rnatilgan bo‘lib, xandaq bilan o‘ralgan. Ark qal’aning markaziy qismida joylashgan. Janubiy tomondan uning bir kismini suv yuvib ketgan. Arkning maydoni – 1,3 gektar bo‘lib, janubiy-sharqiy burchagiga darvoza o‘rnatilgan. Ark xom g‘ishtdan qalinligi 5 metrga yaqin devor bilan qurshalgan. Devor atrofi kengligi 10 metrlik xandaq bilan o‘rab olingan. Arkning ichki qismida turli maqsadlar uchun mo‘ljallangan xonalar joylashib, ular o‘zaro yo‘laklar bilan bog‘langan 4 ta yirik blokni tashkil etadi. Kampirtepaning mustahkamlanmagan qismida asosan, dafn inshootlari mavjud bo‘lgan. Bu yerdan arxeologlar ikkita yirik dafn inshootini topgan. Ular bir-biridan yo‘laklar orqali ajratilgan.
Kampirtepaning mana shu dafn inshootlari qismidan tarhi aylana shaklda bo‘lgan xumdon topilgan. Bu yerdagi hayot uchta asosiy davrga bo‘linadi: Birinchisi – miloddan avvalgi 3—2-asrlarga to‘g‘ri kelib, Kampirtepaning janubiy qismida, bo‘lajak ark o‘rnida qal’a shakllangan. Yunon-Baqtriya podsholigi davriga oid turar-joylarning katta qismini Amudaryo suvi yuvib ketgan. Ikkinchi davr–miloddan avvalgi 2 — 1-asrlarda ark o‘rnida hayot qisman jonlana boshlagan. Uchinchi davr ya’ni, miloddan avvalgi 1—2 asrlarda Kampirtepaning yuksalgan davri bo‘lib, mustahkam qal’a bunyod etilishi, uning tizimi shakllanishi bilan bog‘liqdir. Qazish ishlari chog‘ida Kampirtepadan ko‘plab sopol idishlar, bezak buyumlari, haykalchalar, tanga va boshqa asori-atiqalar topilgan.

Mamlakatimizda keyingi yillarda turizmni yanada rivojlantirib, boy tariximiz va noyob yodgorliklarni dunyoga keng targ‘ib qilishga qaratilayotgan alohida e’tibor Kampirtepa atrofini obodonlashtirib, qulay infratuzilma barpo etishga keng imkoniyat yaratdi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 27 maydagi “Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida qalada turizm markazini tashkil etish, unga olib boruvchi yo‘llarni tubdan ta’mirlab, yo‘l ko‘rsatkichlar o‘rnatish, sanitar-gigenik shohobchalar, tungi yoritgich chiroqlari bilan ta’minlash kabi muhim vazifalar belgilab berildi.

Infoturda jurnalistlar noyob qala bilan yaqindan tanishdi. O‘tmishdagi boy tariximiz va bir zamonlar ishonchli istehkom vazifasini bajargan qalaning noyob arxitektura yechimlari xususida ma’lumotga ega bo‘ldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA