Isitilmaydigan issiqxonalar haqida eshitganmisiz?
Aholini sovuq qish kunlarida ham sarxil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlab turishda issiqxonalarning o‘rni muhim. Issiqxonalarda harorat mo‘’tadilligini ta’minlash esa gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq.
Ammo bugungi kunda isitilmaydigan issiqxonalar ham mavjud bo‘lib, ularda isitish tizimi yo‘q. Sababi issiqxonalar sharqdan-g‘arbga – kun botish tomonga 14 gradus burilgan holatda quriladi va shimol tomon qalin isitish ko‘rpalari bilan yopiladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston sharoitida bir yilda 300 dan ortiq quyoshli kun bo‘ladi. Bundan samarali foydalanishda Xitoy texnologiyasi qo‘l keladi. Kun davomida issiqxona quyosh energiyasini akkumulyator singari o‘z ichiga yig‘adi va kun botishi bilan issiqlik saqlovchi ko‘rpalar yopiladi. Kunduz kuni to‘plangan issiqlik tong otgunga qadar issiqxonani mo‘’tadil haroratda ushlab turadi.
Yuqoridagi texnologiya asosida tajriba tariqasida Sardoba tumani Baxmal SIU hududida “Imkon qadri” MCHJ tomonidan har biri 2 sotixdan 4 ta, jami 8 sotix issiqxona qurilgan. Erta bahorda aholining ko‘katlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ushbu issiqxonalarda ko‘katlar ekilgan. Yilning qolgan fasllarida bodring, pomidor, baqlajon yetishtiriladi.
Qayd etish lozimki, Sirdaryo viloyati bo‘yicha 38,3 gektar isitilmaydigan issiqxonalar mavjud bo‘lib, fevral-noyabr oylarida sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.
M.Komilova, O‘zA muxbiri