Ishsiz fuqarolarga imkoniyatlar yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Guljamol Shukurova ishtirokida brifing tashkil etildi.
Ta’kidlanishicha, ishsiz fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida kunlik ish qidirish imkoniyatini beruvchi «Job cafe», xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldini olishga qaratilgan «Najot», nogironligi bor shaxslar uchun surdo tarjima imkoniyatini beruvchi mobil dasturlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish markazlarini samarali boshqarish va yuritish: Shvetsiya tajribasi» mavzusida shvetsiyalik mutaxassislar ishtirokida onlayn seminarlar o‘tkazildi.
Kelajakda mazkur markazlarda yashayotgan xotin-qizlar bilan ishlash, ularni himoya qilishda Shvetsiya davlatidagi mavjud eng yaxshi tajribalarni amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda “O‘zbekistondagi qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasini amalga oshirishni mo‘ljallamoqda.
Loyiha doirasida joylardagi iqtisodiy faol bo‘lmagan va qishloq hududlaridagi kam ta’minlangan oilalar ayollarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda ularning tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi. Ishtirokchi xotin-qizlarga ko‘plab imtiyozlar taqdim etiladi. Shu jihatdan olib qaralganda, loyihaning eng asosiy maqsadi — qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, buning uchun ularga zarur mablag‘lar ajratishdir.
Loyihani amalga oshirishda Farg‘ona viloyatining Furqat, Qo‘shtepa, So‘x va Yozyovon, Jizzax viloyatining Baxmal, Zomin, Forish va Yangiobod tumanlaridagi bank xizmatlaridan deyarli foydalanmagan, moliyaviy va tadbirkorlikka oid savodxonligi yetarli bo‘lmagan, turli xil ijtimoiy va iqtisodiy cheklovlarga duch kelgan, davlat dasturlarida ishtirok etmagan qishloq joylardagi kam ta’minlangan oilalarda yashovchi ayollar tanlab olinadi.
Loyiha dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Yaponiya ijtimoiy rivojlanish fondi tomonidan 2 million 728 ming 800 AQSH dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA