Ishonchli vakil payariqliklar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Badriddin Nasriyev Payariq tumanida saylovchilar bilan uchrashdi.
Ishonchli vakil yig‘ilganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Jumladan, dasturdagi fuqarolarning bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha tashabbuslarining nechog‘lik ahamiyatli ekanligi alohida ta’kidlandi.
– Biz ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarafdorimiz, – dedi B.Nasriyev. – Shuning uchun dasturda iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlashda iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish, xususiylashtirishning huquqiy asoslarini va davlat mulkining qiymatini aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb etish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash, mahalliy investorlarga ham xorijiy investorlarga berilganidan kam bo‘lmagan imtiyozlar berish, qimmatbaho mol-mulk uchun soliq joriy etish, bunda miqdori qonun bilan belgilangandan yuqori uy-joy, avtotransport yoki boshqa mol-mulk mulkdorlaridan ushbu soliqning undirilishini nazarda tutish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mahalliy hokimliklar darajasida hayot uchun muhim va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari hamda kundalik zarur tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni shakllantirish va tasdiqlash lozim. Mazkur dasturlarni hududlarda ish o‘rinlari tashkil etishga doir davlat buyurtmalari hamda o‘rta maxsus, oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiqlashtirish zarur.
Uchrashuv davomida ishonchli vakil saylovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi va ularni saylovda O‘zXDP nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
G‘. HASANOV, O‘zA