Ishonchli vakil Boysunda uchrashuv o‘tkazdi
Boysun tumanidagi 6-sonli musiqa va san’at maktabi faollar zalida Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning ishonchli vakili Mavjuda Hasanova saylovchilar bilan uchrashdi.
Jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari, xorijlik kuzatuvchilar ishtirok etgan tadbirda ishonchli vakil saylovchilarga Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berdi. Partiya nomzodining saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, bo‘lajak saylov uchun elektorat manfaatlari va dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, takliflar quyidan yuqoriga tizimi asosida har tomonlama chuqur tahlildan o‘tkazilgan holda keng qamrovli dastur ishlab chiqilganini ta’kidladi.

Dasturda to‘qqizta yo‘nalish orqali yuzga yaqin g‘oya va tashabbus ilgari surilayotgani qayd etilib, ularning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Saylovchilar dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida fikr-mulohaza bildirdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga chaqirdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri