Ishlab chiqarishda yangi loyiha ish boshladi
Farg‘ona viloyati Quva tumanida “Quva Tekstil" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida amalga oshirilgan loyiha yakunlanib, yangi bo‘lim foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov yig‘ilganlarni hamda korxona jamoasini kirib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning bugungi natijalariga to‘xtaldi. Tadbirkorlar bugun aholining doimiy daromad manbaini shakllantirishda, ish o‘rinlari bilan ta’minlashda bosh omil bo‘layotganiga e’tibor qaratgan viloyat rahbari yurtimizda ip-kalavani tayyor mahsulotgacha qayta ishlash darajasini 100 foizgacha ko‘tarish orqali minglab fuqarolarning bandligi ta’minlanayotgani ta’kidladi. Foydalanishga topshirilayotgan loyiha ham bu borada muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
[gallery-10085]
Yangi bo‘limda ishlab chiqarish quvvati yillik 2,5 ming tonna tayyor sochiq mahsulotlarini tashkil etadi. bugungi kunda korxonada 12 ming tonna kalava ipni qayta ishlash quvvati shakllantirildi. Endilikda korxonaning yillik eksporti hajmi 32 million dollarga yetadi. Qisqa muddatda amalga oshirilgan ushbu loyiha qiymati 11 million dollar bo‘lib, shundan, tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobidan 4 million dollar yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan 7 million dollar qismi uchun bank krediti taqdim etildi. Korxonaga mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun Italiyaning “ITEMA” va “SAVIO POLOR” korxonalari, Germaniyaning “OIRLYCON” korxonasi hamda Shvetsariyaning “RIETER” korxonasidan uskunalar olib kelingan. Yangi loyihaning ishga tushishi natijasida 450 ta ish o‘rni yaratildi, korxonadagi jami ishchilar soni qariyb 1300 taga yetdi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov olgan surat