Ishlab chiqarish jarayonlarini jadallashtirish — ustuvor vazifa
Bugungi kunda mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, xorijdan zamonaviy texnologik uskunalarni olib kirish, ularni qisqa muddatlarda o‘rnatish va ishga tushirish orqali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada tegishli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida ishlab chiqarish jarayonlari uchun zarur bo‘lgan texnologik dastgoh va uskunalarni xorijdan olib kelish, ularni o‘rnatish hamda ishga tushirish bilan bog‘liq vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli topshiriqlari ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.

Yig‘ilishda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining hududiy boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy bo‘linmasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Soliq qo‘mitasining hududiy tuzilmalari, tijorat banklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Jami 19 ta korxona va idora mas’ullari qatnashgan mazkur muloqot ishlab chiqarish jarayonlaridagi muammolarni ochiq muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.
Yig‘ilishda ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan texnologik uskunalar bilan bog‘liq qator dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Jumladan, shartnomalar tuzilgan bo‘lsa-da, banklar tomonidan mablag‘lar o‘z vaqtida o‘tkazilmagan holatlar, to‘lov amalga oshirilganiga qaramay hali yetib kelmagan jihozlar, bojxona omborlarida rasmiylashtiruvsiz turib qolgan tovarlar, shuningdek, garov ta’minoti yoki boshqa sabablarga ko‘ra bank balansiga olingan uskunalar holati yuzasidan batafsil tahlillar o‘tkazildi.

Muhokamalar davomida mazkur muammolarni bartaraf etish, ish jarayonlarini tezlashtirish va tadbirkorlik sub’ektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha aniq taklif va mulohazalar ilgari surildi. Mas’ul tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro muvofiqlashuvni yanada kuchaytirish, har bir masala yuzasidan manzilli ishlash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, 2024–2025-yillar davomida respublika hududiga 135 ta tashkilot tomonidan umumiy qiymati 332 million AQSH dollariga teng bo‘lgan texnologik asbob-uskunalar olib kirilgan. Ayni paytda ushbu uskunalar yuzasidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida tizimli o‘rganish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bunday uchrashuvlar ishlab chiqarish jarayonlarini uzluksiz tashkil etish, investitsiya loyihalarining samaradorligini oshirish va hududning sanoat salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri