“Ishga marhamat” monomarkazi ish boshladi
Prezidentimizning 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan mazkur monomarkaz viloyatdagi ishsiz fuqarolarni hunar o‘rgatish orqali bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Markazning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va boshqalar bugungi kunda aholining ishsiz qatlami bandligini ta’minlash masalasiga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotgani va buning uchun joylarda ishsiz fuqarolarni hunarga o‘rgatish bo‘yicha barcha sharoitlarga ega markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Ushbu markazni tashkil etish uchun Qarshi shahridagi sanoat kasb-hunar kolleji binosi loyiha asosida 16 milliard so‘m mablag‘ evaziga kapital rekonstruksiya qilindi. Qo‘shimcha tartibda monomarkaz Jahon banki mablag‘lari hisobidan mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 10 ta o‘qitiladigan kasblar (tikuvchi, ayollar va erkaklar sartaroshi, kosmetolog, oshpaz, qandolatchi, santexnik, elektrik, payvandlovchi, yuk ko‘taruvchi kran operatori, qurilish sohasi) bo‘yicha zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Monomarkazda 32 ta yo‘nalishda kasbga tayyorlash, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlikni o‘rgatish kurslari tashkil etiladi. Yillik o‘qitish quvvati 2 ming 790 nafar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda 843 nafar ishsiz va ish qidirayotgan shaxslar monomarkazda tashkil etilgan kasbga tayyorlash o‘quv kurslariga kasb-hunar o‘rganish uchun murojaat qilgan. Shuningdek, 76 nafar fuqaro xorijiy tillar, 124 nafari raqamli texnologiyalarni o‘rgatish va 27 nafari tadbirkorlik asoslarini o‘rganish kurslariga o‘qish istagini bildirgan.
[gallery-2954]
Monomarkazda 2021 yilda ish qidiruvchi, tashkillashtirilgan tartibda xorijiy mehnat migratsiyasiga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar, nodavlat o‘quv markazlari bitiruvchilari va boshqa aholi toifalari uchun WorldSkitis standartlari asosida 10 ishchi kasblar bo‘yicha kasbiy malakani baholash markazi tashkil etiladi. Kasbiy malakani baholash markazida ishchilarga malaka razryadini va mutaxassislarga malaka toifasini berish bo‘yicha o‘tkazilgan imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga diplom yoki sertifikat bilan birga WorldSkitis malaka pasporti beriladi.
Qarshi shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN), “Molodыye professionalы (WorldSkitis Russia)” ittifoqi hamda boshqa ta’lim va kasbiy malakani baholash muassasalari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini kasb-hunarga va rus tiliga o‘qitilishini tashkil etishda hamkorlik o‘rnatiladi. Jumladan, monomarkazda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) tomonidan kasb-hunar va rus tilini o‘rgatish o‘quv kurslari tashkil etish uchun alohida o‘quv xonasi ajratilgan.
Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlaridagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda arab, koreys va yapon tillarini o‘rgatish kurslari tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA