Ishchining malakasiga shubha bo‘lmaydi
Ish beruvchi uchun ishchining yuqori malakaga egaligi va o‘z kasbini puxta egallagani nihoyatda muhim.
Ish beruvchi uchun ishchining yuqori malakaga egaligi va o‘z kasbini puxta egallagani nihoyatda muhim. Ishchida haqiqatan shunday sifatlar borligiga qanday ishonish mumkin? Ayniqsa, ishchi boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa, uning kasbiy tajribasiga kim kafolat beradi?
Fuqarolarimiz xorijiy davlatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borganda shu kabi savollar yuzaga kelmasligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston xalqaro WorldSkills International assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lish ishlarini olib bormoqda.
Aytish joiz, WorldSkills International xalqaro standartlar asosida ishchi kasblarni ommalashtirish va kasbiy tayyorgarlikni oshirish bo‘yicha faoliyat yuritadigan xalqaro tashkilot hisoblanadi. Hozirda uning tarkibida 85 ta ishtirokchi davlat mavjud.
Assotsiatsiyasiga a’zolik nima foyda beradi?
Birinchidan, O‘zbekistonda WorldSkills Internationalning xalqaro standartlari bo‘yicha ishchi kasblarga o‘qitiladigan markaz tashkil etiladi.
Ikkinchidan, WorldSkills International xalqaro standartlari bo‘yicha ishchi kasblarga o‘qigan shaxslarga kasbiy malakasi tasdiqlanganligi haqida xalqaro sertifikat beriladi. Aynan mana shu sertifikat xorijiy ish beruvchilar tomonidan ishchiga to‘liq ishonch bildirilishiga asos bo‘ladi.
Uchinchidan, dunyo miqyosida ishchi kasblar bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionatlarida bevosita ishtirok etish orqali katta tajriba to‘plash va talab yuqori bo‘lgan kasb yo‘nalishlari bo‘yicha milliy kadrlar safini kengaytirib borish imkonini yaratadi.
Dastlabki qadamlar qo‘yildi
Joriy yilning 24 avgusti O‘zbekiston delegatsiyasining WorldSkills International prezidenti bilan uchrashuvi davomida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mazkur xalqaro assotsiatsiyaga a’zo bo‘lish uchun ariza kiritildi. 28 avgust Ishchi kasblarni rivojlantirish va ommalashtirish milliy assotsiatsiyasi – WorldSkills Uzbekistan tashkil etildi.
WorldSkills International assotsiatsiyasi rahbariyati tomonidan Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning WorldSkills harakatiga qo‘shilish ishlarini tashkil etish bo‘yicha asosiy hamkor davlat sifatida belgilandi.
Shu yilning 13 noyabr kuni Buxoro viloyatida O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari hamkorligida mehnat migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi. Unda “WorldSkills Russia” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda “WorldSkills International” standartlariga javob beruvchi malakani baholash markazlari hamda malakani mustaqil baholovchi tizim ishga tushirilishi, mazkur jarayonda “WorldSkills Russia” tajribasidan foydalanish masalalari muhokama etildi.
WorldSkills Uzbekistan faoliyatini rivojlantirish uchun kasbiy ta’limni samarali yo‘lga qo‘yish va ishchi kasblar bo‘yicha milliy terma jamoani tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 avgustdagi qarori bilan Mehnat vazirligi huzurida 22 ta ishchi kasblar bo‘yicha ta’lim beradigan “Ishga marhamat“ monomarkazi yaratildi.
Bu yil dekabr oyida O‘zbekistonda WorldSkills standartlari asosida ishchi kasblar bo‘yicha ochiq chempionat o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Chempionatda 250 ga yaqin ishtirokchi va 10 dan ortiq xalqaro ekspertlar qatnashadi. Ushbu ochiq chempionat O‘zbekistonda ishchi kasblar tizimini yangi bosqichga olib chiqishdagi muhim odimlardan bo‘lishi kutilmoqda.
Xususan, chempionat munosabati bilan WorldSkills International prezidentining O‘zbekistonga tashrif buyurishi va shu asnoda O‘zbekistonning WorldSkills International assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lish masalasi ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Shahnoza RAVShANOVA, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Matbuot xizmati rahbari