Ishchilar yotoqxonasi shinam, keng va yorug‘
“Adjibugut” kareri Uchquduqdan 200 kilometr olisda, bepoyon cho‘l bag‘rida joylashgan. Ayni paytda bu karerda konchilar, mashinistlar, geologlar, burg‘ilovchilar va boshqa kasb egalari 24 soat mehnat qilmoqda.
Kombinat rahbariyati va kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan ishchi-xodimlar uchun zarur ish va yashash sharoitlarini yaratish doimiy e’tiborda. Yaqinda yuz o‘rinli yotoqxona qurib berilgani ham ular uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. Hamkasblarimiz bu g‘amxo‘rlikdan nihoyatda mamnun. Yaqin kunlargacha ishchi-xodimlar “Dovgiztov” konidan ushbu karerga 60 kilometrlik masofadan qatnab ishlardi.

Shimoliy kon boshqarmasi rahbariyati muammoni bartaraf etishning maqbul va oson yechimini topdi. Karer hududida yotoqxona qurilib, qulay sharoitlarga ega yashash maskani barpo etildi. Natijada nafaqat ishchilarning vaqti tejalmoqda, balki transport xarajatlari va yoqilg‘i-moylash materiallari ham iqtisod qilinmoqda.

– Ishdan so‘ng bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazish, miriqib dam olish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, – deydi geolog Jamol Farmonov. – Xonalar shinam, keng va yorug‘. Cho‘l iqlimiga mos. Yozda salqin, qishda issiq saqlaydigan qulaylikka ega. Ikkita asosiy binoda joylashgan xonalar, zallar zarur mebellar, elektr energiyasi, isitish va sovitish tizimi bilan ta’minlangan. Bunday imkoniyatni yaratib bergan kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashiga katta rahmat.

Yotoqxona tibbiyot bo‘limi, yechinish va kiyinish, yuvinish, kiyimlarni quritish xonalari, zal, yozgi ayvon, kutubxona, ma’naviyat burchagiga ham ega. Bu qulayliklar ishchi-xodimlarga mazmunli hordiq chiqarish va kuch-g‘ayrat bilan ishga yo‘l olish imkonini beryapti.

– Xalqimizda “Yaxshi dam – mehnatga hamdam”, degan naql bor. Bu hikmatning amaliy natijasini bugun ko‘z o‘ngimizda ko‘ryapmiz, – deydi burg‘ilash mashinisti San’at Beknazarov. – Rahbariyat e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi tufayli bizga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Yaqinda foydalanishga topshirilgan ushbu yotoqxona ham biz uchun alohida g‘amxo‘rlik namunasidir. Bundan barchaning kayfiyati a’lo. Bu imkoniyatlar, shubhasiz, yanada shijoat bilan ishlashga chorlaydi.

Bugungi kunda “Adjibugut” kareridan qazib olinayotgan ma’danlar 3-gidrometallurgiya zavodiga yetkazib berilmoqda. Ayni paytda karer quvvatini yanada kengaytirish maqsadida ikkinchi bosqichdagi ishlar ham boshlab yuborildi. Mazkur loyihaning ro‘yobga chiqarilishi bilan kelgusida ishlab chiqarish sur’ati oshiriladi. Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, karer ishchi-xizmatchilari uchun 50 o‘rinli zamonaviy jihozlangan oshxona ham foydalanishga topshirildi.

Laylo Karimova,
Shimoliy kon boshqarmasi axborot xizmati rahbari
O‘zA