Ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda (+video)
Farg‘ona viloyatida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan o‘rganilmoqda.
Prezidentimizning mazkur yo‘nalishdagi qarorlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan o‘rganishlar davomida hududlarda mavjud holat tahlil qilinib, amaliy choralar belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev rahbarligidagi Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan viloyatda kompleks o‘rganishlar olib borilmoqda. Dastlab, Qo‘qon shahrida nizoli oilalar bilan ishlash bo‘yicha shakllangan ijobiy tajriba o‘rganildi. Jarayonda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Milliy gvardiya hamda Jamoat xavfsizligi universiteti mutasaddilari ishtirok etdi. Ajrim yoqasidagi va notinch oilalar bilan individual ishlash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda ularga manzilli amaliy yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar doirasida Qo‘qon shahridagi "Usta bozor" hamda Buvayda tumanidagi "Buvayda" mahallalarida "Ijtimoiy profilaktika haftaligi" tashkil etildi. Tadbirlar davomida fuqarolarning murojaatlari joyida ko‘rib chiqildi, bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Mehnat va ijtimoiy yarmarkalar, rahbarlarning sayyor qabullari, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan hamda madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Shuningdek, probatsiya nazoratidagi shaxslarning murojaatlari hal etildi, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Jinoyatchilik profilaktikasi va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida samarali faoliyat yuritgan mas’ul xodimlar rag‘batlantirildi.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirishga qaratilgan qarorlari ijrosi muhokama qilindi. Viloyatning barcha tuman va shaharlariga Respublika ishchi guruhi a’zolari hamda Bosh prokuratura xodimlari biriktirilib, so‘nggi olti oy davomida amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va amaliy takliflar ishlab chiqish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Ayni paytda Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan Uchko‘prik tumanidagi kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan "Uchko‘prik" mahallasida ilmiy-amaliy o‘rganishlar davom ettirilmoqda. Unda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda belgilangan "yo‘l xaritalari" ijrosi tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan o‘rganishlar yakunlari asosida mavjud muammolarni bartaraf etish, jinoyatchilik profilaktikasi samaradorligini oshirish va mahallalarda xavfsiz muhitni yanada mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Batafsil:
<iframe width="640" height="350" src="https://www.youtube.com/embed/HxsnDD63jYI" title="O‘zbekistonga jo‘natilgan xalqaro pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollarga yetdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA