Ishchi guruh o‘rganish olib bordi
Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari I. Muxtorov boshchiligidagi ishchi guruh vakillari Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postida o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yanada yaxshilash maqsadida sayyor tartibda o‘rganish ishlarini olib bordi.
Dastlabki sayyor tashrif manzili “Olot” chegara bojxona postiga yondosh hududda barpo etilayotgan zamonaviy bojxona terminali binosi bo‘ldi.

Bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish barobarida ishchi guruh vakillari bojxona rasmiylashtiruvini aynan bojxona terminali binosiga ko‘chirgan holda jarayonni yanada soddalashtirib, vaqt sarfini qisqartirish imkoniyati mavjudligi yuzasidan kerakli ko‘rsatmalar berib o‘tdi.

Bundan tashqari, “Olot” chegara bojxona postida fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish barobarida postda xizmat olib borayotgan xodimlarga korrupsion alomatlardan yiroq yurish, o‘z xizmat vazifasiga sidqidildan yondashish har bir xodimning eng oliy maqsadi bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Mazkur sayyor tashrif bojxona rasmiylashtiruvini belgilangan tartib-tamoyillariga to‘liq rioya etgan holda yanada soddalashtirish uchun muqobil yechimlar topishda ahamiyatli bo‘ldi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri