Ishchi guruh keldi – nima oʻzgardi?
Yana biz bilmagan qancha “guruh”lar bor...
Shu kunlarda ishchi guruhlar koʻpayib ketmadimi – kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik, paxta yigʻim-terimiga tayyorgarlik, qurilish ishlari sifatini-yu tibbiyot muassasalari holatini oʻrganuvchi guruhlar.
Yana biz bilmagan qancha “guruh”lar bor...
Bunday oʻrganish ishlari olib borilgani yaxshi. Berilgan topshiriqning ijrosi, mavsumga qay darajada tayyorgarlik koʻrilgani oydinlashadi. Lekin bir jihat odamni oʻylantiradi-da – nega ishchi guruh kelsa eng yaxshi korxona, mahalla, koʻcha, oila, maktab, xullas, namunalilarni koʻrsatamiz?
Xoh poytaxtdan, xoh viloyat yoki tumandan boʻlsin mutasaddilar ibratli ishni emas, kamchilikni koʻrish, uni tuzatish yoʻllarini topish uchun kelmaydimi? Yaxshining ishi shunday ham maʼqul, uni koʻrsatish shart emas (tajriba oʻrganish uchun kelgan boʻlsa boshqa gap, ammo ishchi guruhlarning aksariyati vaziyatni oʻrganib, muammo va kamchiliklarni aniqlash va keyinchalik ularni bartaraf etish uchun tuziladi). Undan koʻra, muammoli holatlar koʻrsatilsa, tahlil etilsa, kamchiliklarni tuzatish uchun yordam soʻralsa yaxshi emasmi?
Namunali joyni koʻrsatib oʻzimizning kamchiligimizni oʻzimiz yashiramiz – bizda hammasi yaxshi, hamma topshiriqlar bajarilgan, deymiz. Ishchi guruhga ham shu kerak. Tepaga qancha kam muammo olib chiqilsa shuncha yaxshi – berilgan topshiriqlar bajarilmoqda. Keyin oʻrganish yakunlari boʻyicha uzundan uzun maʼlumot tayyorlanadi. Qaror, farmoyish, buyruqlar nomma-nom keltirilib, ularning ijrosi “taʼminlangani” bayon etiladi. Maʼlumotnoma oxirida xoʻjakoʻrsinga “ayrim kichik kamchiliklar aniqlangani”, ularni bartaraf etish uchun mutasaddilarga topshiriq berilgani yoziladi.
Yana koʻp hollarda “katta”lar kichik rahbarlarga “yuqoridan odam kelib oʻrgangani bilan, kamchiligingni ular emas, men hal qilaman, shuning uchun “maʼlumotnoma”sini yaxshi deb yozib ketsin, keyin oʻzimiz masalalaringni koʻramiz” deydi. Kichik rahbarning ham joni nechta – “komissiya”dan aylanib-oʻrgiladi, ularning koʻnglini olishga harakat qiladi, yaxshi joylarni koʻrsatadi va “gap tegmaydigan” maʼlumotnoma tayyorlanadi.
Tamom, shu bilan ishchi guruh ketadi.
Ayting, bunday oʻrganishdan kimga, nima naf? Biz rahbarlarni aldayapmizmi yoki oʻzimiznimi? Muammoni yashirishdan maqsad nima? Bundan kim yutadi? Boringki, bir-ikki kishi manfaatdor boʻlar, lekin oxir-oqibat barchamiz yutqazamiz-ku.
Bu haqda qachon oʻylab koʻramiz?