Ishchi guruh Buxoroda o‘rganishlar o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida o‘rganishlar olib bordi.
Dastlab Buxoro shahri hamda Qorako‘l tumanlarida “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar o‘tkazildi. Mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, Kogon tumanidagi “Bahovuddin Naqshband” majmuasida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi o‘rganildi. Mavjud muammolarni hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Ishchi guruh Ijtimoiy himoya qilish milliy agentligining viloyat boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi. Aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida hududiy prokurorlarga ijtimoiy xizmat markazlari bilan doimiy hamkorlikda ishlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Buxoro shahridagi “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarning holidan xabar olindi. Ularga berilayotgan ta’lim- tarbiya hamda ularning maishiy sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi.
Shundan so‘ng, ishchi guruh Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialida tibbiy faoliyatning barcha yo‘nalishlarini raqamlashtirish jarayoni bilan tanishdi. Aholiga yanada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, mavjud muammolarni bartaraf qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.
O‘rganishlar davomida Romitan tumani prokuraturasi tomonidan yoshlarni otaliqqa olish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish maqsadida tuman prokuraturasida “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan uchrashilib, ularning muammolari tinglandi.
Yoshlarga jamiyatda munosib o‘rinlarini topishlari uchun zarur tavsiyalar, esdalik sovg‘alari berildi.
Shundan so‘ng, tuman markazida tashkil etilgan “Sohil bo‘yidagi bog‘”da ko‘chat ekish tadbiriga uyushmagan yoshlar taklif etildi. Ular bilan birgalikda manzarali daraxtlar ko‘chatlari ekildi.
Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh Qorako‘l tumanidagi 53-son umumta’lim maktabida bo‘ldi. U yerda yaratilgan sharoitlar hamda kasb-hunarga o‘rgatish jarayonlari bilan tanishdi. O‘quvchilar bilan ekologiya va atrof-muhitni asrab- avaylash bo‘yicha suhbat o‘tkazdi. Ularga O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitobi” tarqatildi.
[gallery-16896]
Bundan tashqari, Bosh prokuror o‘rinbosari Buxoro shahridagi “Prounity IT” korxonasi faoliyati bilan tanishib, mas’ullarga viloyatda IT rezidentlari sonini ko‘paytirish hamda ulardagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida ta’limga alohida e’tibor qaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri