Ishbilarmonlik muhiti yaxshilanmoqda
Andijonda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash hamda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijonda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash hamda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonitadbirkorlarning samarali faoliyat yuritishida muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yildan-yilga yuksalmoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Umrbek Tojiboyev. – Ayni paytda viloyat yalpi ichki mahsulotida tadbirkorlik subyektlarining ulushi 58 foizni, bandlikni ta’minlashda 84 foizni tashkil etmoqda. Ishbilarmonlik muhiti tobora yaxshilanib, tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar bartaraf etilayotir. Bu borada joylarda faoliyat yuritayotgan “Yagona darcha” markazlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Seminarda davlat organlari tomonidan tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, ayniqsa, soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlardan unumli foydalanish, ochiq-oshkoralikni ta’minlashda mahalliy Kengashlar deputatlarining faol ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Seminarda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.