Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini samarali tashkil etish, yuqori hosildorlikka erishish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy omillaridan biri bu sohani to‘liq mexanizatsiyalashtirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishdir.
Shu nuqtai nazardan olganda, Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida faoliyat yuritayotgan “Baxtiyor Abdusalomovich” fermer xo‘jaligi so‘nggi yillarda zamonaviy texnika va innovatsion yechimlar asosida o‘z faoliyatini yangi bosqichga ko‘tardi.
2006 yilda tashkil etilgan mazkur fermer xo‘jaligi bugungi kunda ko‘p tarmoqli, zamonaviy va raqobatbardosh xo‘jalik sifatida taraqqiy etmoqda. Xo‘jalik, o‘z faoliyati davomida agrar tarmoqning turli yo‘nalishlarini o‘ziga qamrab olib, zarur va yetarli moddiy-texnika bazani shakllantirishga erishdi. Ta’kidlash joizki, texnika parki samaradorlik garovi bo‘lib, dehqon va fermerlar uchun muhim o‘rin tutadi.
[gallery-26299]
Shu ma’noda, “Baxtiyor Abdusalomovich” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi texnikasiga katta e’tibor qaratilgan. Jumladan, “Case Ih Puma 220 cvx afs” va “Mtz” turkumidagi beshta traktor ekin ekish, yer haydash, yuk tashish va boshqa jarayonlarni amalga oshiradi. Beshta ekin ekish agregati g‘alla va paxta ekishda yuqori aniqlik va samaradorlikni ta’minlaydi. Bitta paxta terim mashinasi o‘n yil muddatda lizing asosida xarid qilingan bo‘lib, mehnat resurslarini tejash va hosilni qisqa fursatda yig‘ish imkonini beradi. Bitta g‘alla o‘rim kombayni mavsumda hosilni tez va sifatli yig‘ishga xizmat qiladi. Oltita kultivator va chizelli agregatlardan esa yer tayyorlash va tuproqni qayta ishlashda samarali foydalanilmoqda. Ikkita suv purkagich va tomchilatib sug‘orish jihozlari to‘plami orqali suv tejovchi texnologiyalar samaradorligi oshmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini texnika bilan ta’minlash, lizing asosida xarid qilishdagi qulay shart-sharoitlar qishloq mehnatkashlari uchun katta imkoniyatlar yaratdi. Xususan, davlat subsidiyalari va lizing foizlarining qisman qoplanishi hamda boshlang‘ich to‘lovlar uchun imtiyozli kreditlar fermerlarga amaliy yordam bo‘ldi.
Xususan, vodiy viloyatlaridagi yetakchi xo‘jaliklardan biri hisoblangan “Baxtiyor Abdusalomovich” fermer xo‘jaligi texnika ko‘magida nafaqat o‘z hosilini yig‘ib olish, balki atrofdagi xo‘jaliklarga ham xizmat ko‘rsatish imkoniyatini berib, buning natijasida 1 milliard 300 million so‘m qo‘shimcha daromad olindi.
Xo‘jalikda Namangan viloyati Fermerlar Kengashining amaliy ko‘magida zamonaviy texnika va suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi natijasida fermer xo‘jaligida bir qator yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi. Masalan, paxta hosildorligi 60 sentner, g‘alla hosildorligi 85 sentner, suv tejovchi tizimlar joriy etilgan maydonlarda hosildorlik esa 10-12 sentnerga ortishi kuzatildi. Qolaversa, texnika bazasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani sababli xo‘jalik atrofdagi fermerlarga xizmat ko‘rsatish orqali qo‘shimcha daromad olib, uni xo‘jalik rivojiga yo‘naltirmoqda.
“Baxtiyor Abdusalomovich” fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqqan holda, uning tarkibida 50 bosh naslli qoramol, 100 quti asalari uyasi, 100 tonna yuk saqlash ombori, dala do‘koni, 20 kVtlik quyosh paneli, ariq qirg‘oqlarida 2000 bosh o‘rdak parvarishi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishlar nafaqat hosildan olinadigan daromadni ko‘paytirish, balki qishloq aholisi bandligini ta’minlashga ham hissa qo‘shmoqda.
Ishbilarmon fermer Baxtiyor Qodirov tomonidan amalga oshirilayotgan e’tiborga molik amaliy ishlar natijalaridan shuni anglash mumkin, zamonaviy agrotexnologiyalar va texnika bilan ta’minlangan har qaysi fermer xo‘jaligi nafaqat iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi, balki mehnat unumdorligini oshiradi hamda qishloq sharoitida zamonaviy ishlab chiqarish madaniyatini ham shakllantiradi.
– Bugungi fermer kechagi fermer emas. U hozirgi zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalansa, bu uning barqaror rivojlanishining kafolatidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor, xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati Baxtiyor Qodirov. – Eng asosiysi, Prezidentimiz tomonidan yaratilgan g‘amxo‘rlik va qulay imkoniyatlarni dildan his etib, mehnat qilgan har bir fermer yuqori natijaga erishadi. Bunga faoliyatimiz davomida oxirgi yillarda qo‘lga kiritgan yutuqlar misol bo‘ladi.
Namangan viloyati paxtakorlari joriy yilda davlatga paxta sotish bo‘yicha shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi. Qabul punktlariga 214,2 ming tonnadan ziyod qimmatli sanoat xomashyosi yetkazib berildi. Bu borada viloyatdagi peshqadam va ilg‘or xo‘jaliklar qatorida “Baxtiyor Abdusalomovich” fermer xo‘jaligining hissasi borligini e’tirof etish joiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.