Iqtisodiyotda xususiy sektor ulushi yanada ortadi
Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ko‘chmas mulk ob’ektlari, korxonadagi davlat aksiya ulushlarini, yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish, xususiylashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor ulushini oshirish, xususiy mulk daxlsizligi va kafolati hamda yurtimiz iqtisodiyotini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 apreldagi “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Mazkur farmonga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimiz bo‘yicha 115 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari (ulushlari), 659 ta ko‘chmas mulk ob’ekti ommaviy savdolarga, shuningdek, 6 ming 100 gektar yer uchastkalari auksion savdolarga chiqariladi.
Bundan tashqari, 30 ta asosiy turdagi foydali qazilma kon va uchastkalarida qazib olish uchun foydalanish huquqi elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
2030 yil 1 yanvarga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarni (mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq korxonalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) tashkil etishga moratoriy joriy qilinadi. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ko‘chmas mulk sotib olish, davlat funksiyasiga va davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga mos bo‘lmagan korxonalarni tashkil etish tashabbusi bilan chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.
Maydoni 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat mulki ob’ektlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlik sub’ektlariga 5 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekin foydalanishga beriladi hamda shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda ushbu tadbirkorlik sub’ektlariga baholangan qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotiladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari, ustuvor ravishda, faoliyatini kengaytirish istagida va tayyor loyihasi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari taklif bildirgan joylardan tanlanadi.
Olti oy davomida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan ob’ektlarning boshlang‘ich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda, boshlang‘ich narx pasaytirilganda ham ijaraga berilmasa, ushbu auksionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari arizasi asosida sotilgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan tushgan mablag‘larning boshlang‘ich narxidan oshgan qismining 10 foizi tegishlicha Savdo-sanoat palatasiga yoki hokim yordamchilarini rag‘batlantirish uchun tegishli jamg‘armaga va ob’ekt joylashgan mahalla fuqarolar yig‘iniga teng ulushlarda o‘tkazib beriladi.
Jamshidbek Isroilov,
“Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish”AJ Andijon viloyati hududiy vakili.
O‘zA