Iqtisodiy hamkorlik yanada rivojlanadi
Toshkentda II Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda yetakchi xalqaro kompaniyalar, jamg‘armalar rahbarlari, chet davlatlarning taniqli iqtisodchi va ekspertlari ishtirokida jahon sarmoyasi tendensiyalari, “yashil” energetikani rivojlantirish istiqbollari, elektron tijorat va xalqaro miqyosda iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va boshqa ko‘plab dolzarb masalalar muhokama etildi.
Forumning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan I TXIF dan so‘ng qisqa vaqt davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, mintaqamizdagi eng qulay fiskal tizimni yaratish bo‘yicha katta o‘zgarishlarga erishilganligi, xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi 12 foizga tushirilgani, QQSni eksportchi korxonalarga 7 kun ichida qaytarish joriy qilingani, soliq va bojxonada o‘zaro hisobga olish yo‘lga qo‘yilgani, xorijiy investorlarning o‘z aksiyalaridan oladigan dividendlari 3 yil muddatga soliqdan ozod qilingani, ular uchun foyda solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirilgani va shu kabi ko‘plab keng ko‘lamli sa’y-harakatlar samarasi yaqqol ko‘zga tashlandi.
“Islohotlarimiz natijasida O‘zbekistonning mintaqadagi iqtisodiyoti eng yuqori diversifikatsiya qilingan mamlakat sifatidagi maqomi yanada mustahkamlandi”, – dedi Prezidentimiz nutqida.
Misol uchun bir yilda 100 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilingan. Kiritilgan xorijiy sarmoyalarning yillik hajmi 10 milliard AQSH dollariga yetgan yoki islohotlar boshlangan 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshgan. 1 millionga yaqin aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushirildi. Islohotlar boshlangan davrda bu ko‘rsatkich 30 foizdan yuqori bo‘lganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
Prezidentimiz o‘z nutqida, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Yashil iqtisodiyot”, transport, aviatsiya, temiryo‘l sohalaridagi loyihalar, tez o‘sib kelayotgan IT, turizm, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda O‘zbekiston mintaqaviy xabga aylanib borayotgani, bu yil davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha “1 ming + 1 ming + 40” dasturini qabul qilingani, industrial rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishga ustuvor ahamiyat berilayotgani, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik siyosatini davom ettirib, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan faol ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining so‘zlarini tinglar ekanman, xorijiy hukumatlar va xalqaro moliya institutlari vakillari hamda nufuzli kompaniyalar rahbarlarining ushbu forum doirasidagi tashrifi nafaqat diyorimizga hurmat va ehtirom ramzi, balki diyorimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonch ifodasi ekaniga yana bir karra ishondim. Chunki, islohotlarimiz jadal davom etishi, yurtimizda biznes emin-erkin rivojlanishi uchun yanada mustahkam huquqiy poydevor kerak.
Davlatimiz rahbari umumxalq referendumi arafasida so‘zlagan nutqida bu holatga ham e’tibor qaratib, “Eng avvalo, yangi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani alohida belgilanmoqda. Barcha o‘zgartirishlarning tub negiziga “inson huquqlari va erkinliklari ustuvor” degan ezgu g‘oya qo‘yilmoqda. Shuningdek, Konstitutsiyamizda ilk bor qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, sud mustaqilligi bo‘yicha davlat o‘ziga majburiyatlar olmoqda”, – dedi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kuni kecha fuqarolarimiz o‘z munosabatini bildirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz biz boshlagan islohotlarni izchil davom ettirib, eng muhimi, ularga ortga qaytmaydigan tus berishi muqarrar. Bo‘lib o‘tgan II Toshkent xalqaro ingvestitsiya forumi ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil bo‘lib o‘tgan I Toshkent xalqaro investitsiya forumi(TXIF)da 7 milliard 800 million AQSH dollarilik shartnomalar va investitsiya bitimlarining mustahkam paketi imzolangan edi.
Sherzod Mamatqulov,
O`zLiDeP Jizzax viloyati
kengashi apparat rahbari
O‘zA