TATU talabasi yaratgan dasturiy tizim O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyasida joriy etildi
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan Izzat Mahmadaliyev yaratgan «Korporativ xodimlar hisobini yuritish» dasturiy tizimi va «Funny English» dasturiy majmuasi uchun mualliflik guvohnomalari berildi.
...Izzatbek maktabdagi mashg‘ulotlardan so‘ng internet-klublarga tez-tez qatnashni odat qildi. Uni turli o‘yinlar emas, komputer tuzilishi qiziqtirar edi. Bundan xabar topgan ota-onasi unga komputer olib berishga qaror qildi. O‘g‘lini informatika fani to‘garagiga berdi...Oradan yillar o‘tib, Izzatning qiziqishi uni Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga yetakladi. Hozir u mazkur oliy ta’lim muassasasining 4-kurs talabasi. U o‘zi tanlagan kasbning sir-asrorini ustozlaridan qunt bilan o‘rganibgina qolmay, ko‘p vaqtini yangi ma’lumotlar olish uchun internet tarmog‘ida, qo‘shimcha adabiyotlar bilan tanishish maqsadida kutubxonalarda o‘tkazadi. Uning bu izlanishlari zoye ketmadi. Ustozi Otabek Narziyev ko‘magida o‘zi tanlagan sohasi bo‘yicha qator izlanishlarga qo‘l urdi. Ayniqsa, u yaratgan «Korporativ xodimlar hisobini yuritish» dasturiy tizimi ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda.
Dasturiy tizim ayni paytda "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi, "Sharq" nashriyot-matbaa korxonasi, «Temiryo‘lloyiha» tashkilotida amaliyotga joriy etilgan.
Mamlakatimizda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida zamon talablariga to‘la mos keladigan milliy ta’lim tizimi yaratildi. Zamonaviy bilim maskanlarida jahon standartlari asosida ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlarimiz nufuzli tanlovlar, fan olimpiadalari, musobaqa va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak intellektual salohiyati, keng tafakkuri va zehni bilan dunyo ahli havasini uyg‘otmoqda.
Buni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti misolida ham ko‘rish mumkin. Mazkur universitetda talabalar zamonaviy texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirish borasida qator yutuqlarga erishmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
– Agar ota-onam mening qiziqishlarimni to‘g‘ri tushunib, shu sohaga yo‘naltirmaganda, virtual olamda yo‘limni yo‘qotib qo‘yishim ham hech gap emasdi, – deydi Izzat Mahmadaliyev. – Dadam hatto foydali o‘yinlarni tanlashni ham o‘rgatardi. Bu o‘yinlar meni ingliz tilini o‘zlashtirishimga, keyinchalik «Funny English» dasturiy majmuani yaratishimga turtki bo‘ldi. Mazkur dasturiy majmua boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ingliz tili fanini o‘qitish jarayonini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan va multimediali komputer xonalarida o‘rnatiladigan dastur bo‘lib, o‘qitish jarayonini o‘qituvchi va o‘quvchiga qulay, interfaol va qiziqarli tarzda tashkil etish imkonini beradi. Undan tashqari uyda o‘quvchilarning bilimlarini mustahkamlash uchun ham juda qulay dastur hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan Izzat yaratgan «Funny English» dasturiy majmuasi va «Korporativ xodimlar hisobini yuritish» dasturiy tizimi uchun mualliflik guvohnomalari berildi. Hozirgi kunda izlanuvchan talaba ustozi Barno G‘aniyeva ko‘magida elektron kutubxona mobil ilovasining dasturini yaratish ustida izlanish olib bormoqda.
Talabaning ilmiy maqolalari mamlakatimiz va xorijiy ilmiy nashrlarida chop etilmoqda. U 2016-yilda talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Kompyuter grafikasi” fan olimpiadasida faxrli o‘rinni egalladi. Universitetda tashkil etilgan “Intellectual Generation of Uzbekistan” tanlovida ham faol ishtirok etdi. Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar IX respublika yarmarkasida qatnashib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining diplomi bilan taqdirlandi.
Ana shunday iqtidorli va izlanuvchan talabalardan yana biri Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 4-kurs talabasi Sirojiddin Abdukarimovdir.
Sirojiddin universitetdagi dasturiy ta’minot yaratish bo‘yicha turli loyihalarda ishtirok etib kelmoqda. U ustozi Anvar Mahmudov bilan universitetning «Dastur yechimi to‘g‘riligini tekshiruvchi avtomatlashgan testlash dasturi» (acm.tuit.uz) saytini yaratishda ham qatnashdi. Komputer savodxonligini o‘rgatuvchi multimediali elektron darslik yaratish loyihasida ishtirok etdi. U Huawei kompaniyasining rag‘batlantiruvchi mukofotiga va O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining stipendiyasiga sazovor bo‘ldi. Joriy yilda Beruniy nomidagi davlat stipendiyasiga munosib ko‘rildi.
Bundan tashqari, iqtidorli talaba ta’lim dargohidagi talabalarning reytingini hisoblovchi acm.tuit.uz saytida ham eng yuqori o‘rinni egallab turibdi. U informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha respublika olimpiadasida faxrli o‘rinni egalladi.
Bularning barchasi mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturining yorqin samarasi, har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yaqqol ifodasidir.