Iqlim o‘zgarishiga qarshi hamkorlik
Iqlim o‘zgarishi yil sayin tobora dolzarb ahamiyat kasb etib, ushbu muammoni hal qilish mamlakatlarning birgalikdagi sa’y-harakatini talab etmoqda. Ozarbayjon shu yil Bokuda bo‘lib o‘tadigan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 29-chi konferensiyasiga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mazkur yirik va nufuzli tadbirda ko‘plab mamlakatlar rahbarlari va ekspertlari jam bo‘ladi.
Mamlakatdagi “Yosh islohotchilar” jamoat birlashmasi raisi Farid Shahbozli so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak anjumanning asosiy maqsadlaridan biri adolatli va muhim hujjat – Yangi jamoaviy miqdoriy maqsad bo‘yicha kelishuvga erishishdan iborat. Uning qayd etishicha, COP-29 anjumani iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, dunyoda barqaror rivojlanishni ta’minlash va yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonini jadallashtirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Ozarbayjon ekologiya muammolarini hal qilishga qo‘shayotgan hissa, ilgari surayotgan tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan yuksak baholanmoqda. Ayni jarayon asosini sohadagi mavjud muammolarni faqat birlashish orqaligina bartaraf etish mumkin, degan tamoyil tashkil qiladi. Bunday yondashuv atrof-muhit masalasi bilan cheklanib qolmay, insoniyat duch kelayotgan jiddiy qiyinchiliklarga qarshi birga turish g‘oyasini ham o‘z ichiga oladi.
O‘zA