Ipoteka bank: murojaatlar doimiy e’tiborda
Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni eshitish va tezkor chora ko‘rish tadbirlari mavjud muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan bu tizim bugun o‘z samarasini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 11 sentyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 maydagi 341-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida namunaviy Nizom” talablariga muvofiq, har oy yakuni bo‘yicha davlat organlari, davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi tashkilotlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar natijalari to‘g‘risida ma’lumotlar umumlashtirib, tahlil qilingan holda muhokama etish uchun bank rahbariyatiga kiritiladi.
Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra, murojaatlar bilan ishlash yoki tegishli tarkibiy bo‘linmalar tomonidan umumiy ko‘rsatkichlar, murojaatlarda tez-tez ko‘tarilgan masalalar, aniqlangan asosiy kamchiliklar va qoidabuzarliklar, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish maqsadida ko‘rilgan choralar aks ettirilgan ma’lumotnomalar (sharhlar) tuziladi. Davlat organi rahbariga muammoni bartaraf etish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritiladi.
Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra, tuzilgan ma’lumotnomalar tegishli davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi. Yuqoridagi qonun hujjatlari talabiga muvofiq, “Ipoteka-bank” ATIB Bosh ofisiga kelib tushgan murojaatlar tahlil qilib chiqildi.
Jumladan, 2021 yil 20 may holatiga ko‘ra bankka jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari tomonidan jami 1359 ta (og‘zaki, yozma, elektron) murojaatlar kelib tushgan. Ulardan 997 tasi jismoniy, 362 tasi yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan.
Murojaatlarning 1048 tasi elektron, 184 tasi yozma va 127 tasi og‘zaki shaklda kelib tushgan. 1019 ta murojaatga qonunchilik doirasida tushuntirish berildi. 174 tasi ijobiy hal etildi. 78 tasi esa (o‘z arizasi va boshqa holatlardan kelib chiqib) ko‘rmasdan qoldirildi. 10 tasi tegishli tashkilot va idoralarga yo‘llangan bo‘lsa 10 tasi rad etildi. 68 tasi ko‘rib chiqish jarayonida.
Murojaatlarning 409 tasi kredit shartnoma shartlariga o‘zgartirish kiritish, 374 tasi uy-joy uchun kredit, iste’mol va ta’lim, 262 tasi tadbirkorlik faoliyati uchun kredit olish masalalariga oid. Shuningdek, 82 tasida kassalar faoliyati, valyuta operatsiyalari, terminal va plastik kartalar bilan bog‘liq, 61 tasida chakana xizmatlar bilan bog‘liq, 44 tasida ishga kirish va xodimlar ish faoliyati bilan bog‘liq, 127 tasida boshqa – naqd pul, hisobraqamlarga xizmat ko‘rsatish, homiylik, yuridik va boshqa masalalar ko‘tarilgan.
Ipoteka bankka kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismini uy-joy uchun imtiyozli shartlar asosida ya’ni, davlat tomonidan subsidiya ajratilgan holda kredit olish masalasi tashkil etadi.
Uy-joy kreditining boshlang‘ich badali ma’lum bir qismini to‘lab berilishi uchun subsidiyalar Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka kreditlari mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2021 yil 11 martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlarining tegishli bandlariga muvofiq ajratiladi. Subsidiya ajratilishi uchun fuqarolar birinchi navbatda tegishli hujjatlarni hududiy Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirishlari kerak. Fuqaroning so‘rovi bo‘yicha hujjatlar tegishli vakolatli vazirlik va idoralar tomonidan elektron tarzda o‘rganib chiqilgandan so‘ng fuqaroga xabarnoma yo‘llanadi va ushbu xabarnoma, tegishli hujjatlar asosida uy-joy uchun ipoteka krediti rasmiylashtiriladi.
Kredit shartnomasi shartlariga o‘zgartirish kiritish, ya’ni kredit to‘lov muddatini uzaytirish masalasi yuzasidan ham murojaatlar bor. Respublikamizda koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ipoteka bank tomonidan ajratilgan aksariyat kreditlar bo‘yicha to‘lovlar 2020 yil 6 oyi (aprel-sentyabr) davomida undirilmagan va kreditning umumiy davrida keyingi oylarga teng taqsimlangan.
Ipoteka bank bilan bog‘liq masala va takliflarni mijozlar va fuqarolar “Aloqa-markazi” (78-150-11-22 yoki 1233 qisqa raqam) orqali yo‘llashi mumkin. Bundan tashqari bank rahbariyati bilan haftaning dushanba-juma kunlari soat 9-00 dan 11-00 ga qadar uchrashib, murojaat qilish mumkin. Mas’ul xodimlar bilan ish vaqtining istalgan soatida uchrashish uchun sharoitlar yaratilgan.
Jismoniy va yuridik shaxslar uydan chiqmagan holda murojaat yo‘llashi uchun ham sharoit yaratilgan. Yana bir qulaylik bank veb-saytida murojaat yo‘llash uchun alohida imkoniyat mavjud.
Shuningdek, bank rahbariyati va mutasaddilar ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirlar davomida kelib tushgan murojaatlar og‘zaki murojaat sifatida ro‘yxatga olinadi va belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Shulardan kelib chiqib, bank mijozlari, jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatini yo‘llasa, ularning masalasini tezkorlik bilan joyida hal qilish imkoniyati yanada ortadi va tizim takomillashib boraveradi.
G‘.Naliboyev,
“Ipoteka-bank” ATIB Jismoniy va yuridik
shaxslarning murojaatlari bilan ishlash xizmati boshlig‘i
O‘zA