Ipakchilik sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik kengaymoqda
O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik doirasida ipakchilik sohasida tajriba almashinuvi va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlanmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya Eron Islom Respublikasida bo‘lib turibdi. Safar davomida delegatsiya a’zolari gilam sanoati markazlari faoliyati, ishlab chiqarish texnologiyalari va klaster tizimi bilan tanishdi.

Shuningdek, Gilan viloyati Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi raisi Saman Nazari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda yirik kompaniyalar ishtirokida B2B va B2G formatlarida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Uchrashuvlar yakunida Eron Ipakchilik tadqiqotlar markazi bilan ilmiy-amaliy hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Bundan tashqari, tajribali eronlik texnologlarni O‘zbekistonga jalb etish orqali ipakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish belgilandi.
Imzolangan hujjatlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qayta ishlash hajmini oshirish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA