Ipakchilik sohasida bandlik ikki baravarga oshiriladi
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida yig‘ilish o‘tkazildi.
Qo‘mita raisi I.Ergashev boshqargan yig‘ilishda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutasaddilari, hududiy "Agropilla" MCHJ rahbarlari, pillachilik klasterlari vakillari ishtirok etdi.

Unda davlatimiz rahbarining 3 maydagi “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni doirasida amalga oshirilishi belgilangan masalalar muhokama qilindi.

Pilla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali sohadagi bandlikni ikki baravarga oshirish, xususan, ipakchilik sanoatida bandlik masalasi ko‘rib chiqildi.

Muhokama davomida ayni ko‘rsatkich bo‘yicha ba’zi kamchiliklar mavjud ekani, shuningdek, uni bartaraf etish borasida qilinadigan ishlar xususida so‘z bordi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA