“Ipak yo‘lida” filmi kinofestival g‘olibi bo‘ldi
Qozog‘istonning Almati shahrida “Bastau IFF” xalqaro talabalar va debyutantlar kinofestivali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kinofestivalda Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlaridan yosh kinoijodkorlar, talabalar va debyutant rejissyorlarning kinofilmlari saralanib, eng munosiblari mukofotlanadi.

Festivalning bu yilgisida mamlakatimizdan Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi “Eng yaxshi qisqa metrajli film” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Film ssenariy muallifi Shohjahon Subhonov, postanovkachi rejissyor Sherzod Nazarov, postanovkachi operator, Diyor Ismatov, rassom Erkin Hushmatov, badiiy rahbar Ali Hamroyevlar tomonidan suratga olingan.
Kinematografiya agentligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining bosh sovrini “Gran-Pri” hamda AQSHning AWFF-2021 («Asian World Film Festival») xalqaro kinofestivalida “Osiyoning eng yaxshi qisqa metrajli filmi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA