“Ipak yo‘li” soliq forumi o‘z ishini boshladi
Poytaxtimizda XVI “Ipak yo‘li” soliq forumi boshlandi.
Xalqaro soliq va investitsiya markazi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan forumda Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Armaniston, Xitoy, Tojikiston, Turkiya va Yaponiya kabi davlatlardan kelgan 60 ga yaqin moliya va soliq idoralari vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning asosiy maqsadi Yevroosiyo mamlakatlari soliq siyosati va ma’muriyatchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlarni muhokama qilish, soliq va moliya sohasidagi dolzarb masalalarning xalqaro yechimlari yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, mintaqa davlatlari soliq ma’muriyatchiligini ilg‘or jahon standartlariga moslashtirish va ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha umumiy kelishuvga erishishdir.
Mazkur tadbir soliq va moliya tashkilotlari hamda soliq sohasidagi mustaqil ekspertlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning o‘ziga xos platformasidir. Xususan, xalqaro standartlarga javob beradigan soliq siyosatini shakllantirishga va buning natijasida mamlakatimizning investitsiyaviy muhitini yaxshilashga hamda ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
[gallery-16221]
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA