“Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy sanoat zonasi faoliyati, investitsiya loyihalari ijrosi o‘rganildi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi, partiya fraksiyasi rahbari Aktam Hayitov boshchiligidagi ishchi guruh Andijon viloyatida bo‘lib, hududning sanoat salohiyati va investitsiya loyihalari ijrosini o‘rgandi.
Ishchi guruh dastlab Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy sanoat zonasi faoliyati, mazkur hududda tashkil etilgan korxonalar, ishlab chiqarish loyihalari, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Hududdagi “HAINAN SHOULU” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati, korxonada ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlari kuzatildi.
Ishchi guruh a’zolari ushbu korxonada xitoylik investorlar bilan muloqot o‘tkazdi. Unda ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda korxonaning eksport salohiyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi, investorlarning taklif va tashabbuslari eshitildi.
Muloqotda bu kabi sanoat korxonalari hudud iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va investitsiya muhitini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zLiDEP yetakchisi boshchiligidagi ishchi guruh hududdagi “LONGPING-BEREKE” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Ayni paytda mazkur korxonada urug‘ tayyorlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda mahalliy va xalqaro bozor talablariga mos mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Ishchi guruh korxonadagi urug‘ turlari, ularni saqlash va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, mahsulot sifati, laboratoriya nazorati va texnologiyalarning samaradorligini ko‘zdan kechirdi.
“Ipak yo‘li” sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan yana bir korxona – “M PRINT” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati ham o‘rganildi. Mazkur korxona karton mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, asosan qadoqlashda foydalanadigan mahsulotlar – tortlar, logotiplar tushirilgan qutilar, maxsus o‘rov qog‘ozlari tayyorlanadi.
Korxona mutasaddilari bilan suhbatda ularning tadbirkorlik va sanoat sohasida qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflari tinglandi. Xususan, korxona vakillari mahsulot ishlab chiqarish, patent va logotip himoyasi, sertifikatlash, soliq va litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish orqali ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash yuzasidan takliflar bildirdi.
[gallery-28431]
O‘zLiDEP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi va partiya fraksiyasi rahbari Aktam Hayitov boshchiligidagi ishchi guruh Andijon viloyatining sanoat salohiyati va investitsiya loyihalarni o‘rganishni davom ettirmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA