Iordaniyada qit’a chempionati boshlandi
Bugun, 2 mart kuni Iordaniya poytaxti Ammanda boks bo‘yicha 2006-2007-yillarda tavallud topgan o‘smirlar va 2004-2005-yillar oralig‘idagi yoshlar o‘rtasida boks bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari boshlandi.
Kecha musobaqa oldidan o‘tkazilgan mandat komissiyasining yig‘ilishida chempionatda qit’aning 21 ta mamlakatidan 360 nafarga yaqin bokschilar ishtirok etayotganligi e’lon qilindi.
Bugun chempionatning birinchi kungi musobaqalarida 21 juftlik janglari tashkil etiladi. Unda O‘zbekistonning uch nafar yosh bokschisi ringga ko‘tariladi.
46 kilogramm vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Sobirjon Tostanov – hindistonlik, 48 kg.da Ilhomjon Ergashev –mangoliyalik, 63 kg. vaznda Hojiakbar Qudratov – livanlik raqibi bilan keyingi bosqich masalasini hal etadi.
Eslatib o‘tamiz, Iordaniya poytaxtida o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida o‘tayotgan qit’a chempionati 14 martga qadar davom etadi. Mamlakatimiz terma jamoasi ushbu nufuzli musobaqada 4 ta tarkibdagi 49 nafar umidli va iste’dodli yosh bokschilar bilan ishtirok etmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA