Iordaniya qiroli ham Trampga qarshi
– Falastinliklarni siqib chiqarmasdan G‘azoni qayta qurish va og‘ir gumanitar vaziyatni o‘nglash hamma uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerak, – deya ta’kidladi Iordaniya qiroli Abdulla kecha Prezident Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida.
Amerika yetakchisi esa o‘z navbatida AQSH sektor nazorat ostiga olinishini yana bir bor eslatdi, deb yozgan BBC.
Bu ikki million falastinlikni mintaqadagi boshqa mamlakatlar, jumladan Iordaniyaga ko‘chirish taklifi e’lon qilingandan keyingi ilk oliy darajadagi rasmiy uchrashuvdir.
Hafta boshida Tramp Iordaniya va Misr falastinliklarni qabul qilishga rozi bo‘lmasa, G‘azoga yordam to‘xtatilishi mumkinligini da’vo qildi. Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchisi Iordaniyada allaqachon millionlab g‘azolik yashaydi. Qirol Abdulla uchrashuvdan so‘ng uning mamlakati “falastinliklar ko‘chirilishiga qarshi qat’iy pozitsiyada ekani”ni bildirdi.
Ayni payt Misr ham sektordan falastinliklar olib chiqilishi g‘oyasini keskin rad etgan. Ushbu arab davlati Tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni bergan bayonotda mamlakat “Falastin xalqi qonuniy huquqiga mos ravishda o‘z yerida yashashini kafolatlaydigan G‘azoni qayta qurish bo‘yicha keng qamrovli” rejani ilgari surmoqchi.
Musulmon Ziyo, O‘zA