Iordaniya Podshohi O‘zbekiston Prezidentini samimiy tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Iordaniya Podshohi davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-omonlik va farovonlik tiladi.
Muloqot davomida Samarqandda o‘tgan sermahsul muzokaralar va erishilgan muhim kelishuvlar aloqalarimizda yangi sahifa ochgani alohida qayd etildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Yetakchilar siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish hamda oliy darajadagi bo‘lajak tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligiga urg‘u berishdi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.