“Investorlar kuni”: hudud taraqqiyotiga yangi qadam
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida AT “Aloqa bank” tashabbusi bilan “Investorlar kuni” tadbiri doirasida yoshlar va investorlar uchrashuvi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yoshlarning tadbirkorlik g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, o‘z biznes loyihalarini amalga oshirish hamda bandligini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Yosh tadbirkorlarning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida AT “Aloqa bank” tayanch “Yoshlar banki” etib belgilandi.
Ayni paytda “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi ishga tushirilib, u orqali yoshlar tayyor biznes rejalardan foydalanishi yoki sun’iy intellekt yordamida o‘z biznes rejasini shakllantirishi, shuningdek, imtiyozli kreditlar uchun ariza topshirishi mumkin.
[gallery-28383]
“Biznesga birinchi qadam – yoshlar uchun” loyihasi doirasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga 100 million so‘mgacha uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratilmoqda.
“Yoshlar uchun ish o‘rinlari” loyihasi doirasida bank tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritayotgan yoshlarga kamida 3 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratilmoqda. Shuningdek, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlarga kamida 20 ta yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan 5 milliard so‘mgacha, 18 foiz stavkada, 7 yilgacha muddatga kreditlar berilmoqda. Bunda 3 oy foiz to‘lovlaridan va 2 yilgacha asosiy qarz to‘lovlaridan imtiyozli davr belgilangan.
AloqaVentures venchur fondi orqali yoshlar startaplariga investitsiyalar kiritilmoqda. 2025-2027-yillar davomida startaplarga 300 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 37 ta startapga 30,7 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilib, 4500 nafar yosh ish bilan ta’minlangan.
Startap garajlar va mentorlik dasturlari doirasida 305 ta startap rezident maqomini olgan bo‘lib, ular orqali 1 528 nafar yosh bandligi ta’minlangan.
– Navoiy viloyatida dastur doirasida 6 ming nafardan ortiq yosh qamrab olindi. Ularning 561 ta loyihasiga jami 73,8 milliard so‘m kredit ajratildi, 841 nafar ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi, – deydi AT “Aloqa bank” Navoiy hududiy kompleks xizmatlar ko‘rsatish markazi direktori Sardor Kamolov. – Shuningdek, “Biznesga birinchi qadam – yoshlar uchun” loyihasi doirasida 488 nafar yoshga 28,3 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarning 88,8 milliard so‘mlik 102 ta loyihasi o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, 1 222 nafar yosh kredit skoringidan o‘tkazilib, shundan 614 nafari ijobiy natijaga erishdi, qolganlarga esa turli sabablarga ko‘ra rad javobi berildi.
Ushbu “Investorlar kuni” tadbiri davomida yosh startapchilar qator istiqbolli investitsiya loyihalarini taqdim etdi. Ularning aksariyati sanoat mahsulotlarini qayta ishlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Bugungi uchrashuvda o‘z startap loyihamni taqdim etdim, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti 4-bosqich talabasi Diyorbek O‘ktamov. – Ma’lumki, yurtimizda dehqon va fermerlar yetishtirgan mahsulotlarini sotishda ayrim qiyinchiliklarga duch keladi. Ayniqsa, mo‘l hosil yetishtirilganda mahsulot o‘z vaqtida sotilmagani sababli isrof bo‘ladi. Shuningdek, bozorga yetkazish va ijara xarajatlari ham muammo tug‘diradi. Biz jamoamiz bilan ushbu muammolarga yechim sifatida “Onlayn bozor” loyihasini ishlab chiqdik. Unda fermer va dehqonlar o‘z mahsulotlarini uydan turib joylashtirishi va mijoz topishi mumkin. Shu bilan birga, platformada mahsulotlar statistikasi yuritiladi. Qaysi hududda qaysi mahsulot qancha yetishtirilayotgani, talab va taklif holati tahlil qilinib, prognozlar taqdim etiladi.
Bu kabi tashabbuslar kelgusida hududda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari