Investitsiyalarni jalb qilish va loyihalar ijrosini nazorat qilishda qanday choralar ko‘rilmoqda?
Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo shu bilan birga, hududlarda chet el investitsiyalari ishtirokidagi loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish, ularning ijrosida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor aniqlash va bartaraf etish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, investitsiya loyihalarini g‘oya bosqichidan ishga tushirilgunga qadar yagona yondashuv asosida kuzatib borish, yer maydoni ajratish, zarur infratuzilma bilan ta’minlash, ruxsat berish jarayonlaridan o‘tish va boshqa bosqichlarda yuzaga kelayotgan to‘siqlarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beruvchi raqamli va tashkiliy mexanizmlarning amaldagi samaradorligini baholash zarur.
Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalarning huquqiy asoslari va boshqaruv modelini takomillashtirish, ularda investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish, rezidentlarni zarur infratuzilma bilan ta’minlash, ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirishga alohida e’tibor qaratish kerak.
Qonunchilik palatasining majlisida shulardan kelib chiqib, hududlarda xorijiy investitsiyalarni samarali jalb qilish va loyihalar ijrosini nazorat qilish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, investitsiyalarning hudud iqtisodiyoti va inson kapitali rivojiga ta’sirini oshirish hamda eksportbop korxonalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
M.Komilova,
O‘zA