Intilgan odam muvaffaqiyat qozonadi
Jadidchilik harakati yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy shunday degan: “Sizlarg‘a vasiyat qilaman. Maorif yo‘lida ishlay turg‘on muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar...”
Millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. Zero, o‘qituvchi va murabbiyga ko‘rsatilgan ehtirom porloq kelajakka tashlangan muhim qadamdir.
Joriy yilda davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra, mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, o‘quv-tarbiya jarayonlariga milliy va ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi katta xizmatlari uchun bir guruh ilm fidoyilari mukofotlandi.

Ular orasida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mehriddin Jahonov ham bor. Fidoyi pedagog “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
– Hamkasblarim orasida eng yosh xodimlardan biri o‘zimman, – deydi Mehriddin Jahonov. – Ochig‘i, kutmagan edim. O‘sha kuni sizga ham mukofot bor ekan deyishsa, menga ham tashakkurnoma berilar ekan, deya quvonib ketganman. Tegishli farmon bilan mukofotlanganlar orasida o‘z ism-sharifimni ko‘rib hayratga tushdim. Prezident e’tirofi yuksak e’tibor, shu bilan birga juda katta mas’uliyat ham.
Aslida chet tillariga ixtisoslashgan yo‘nalishda tahsil olganman. Nemis, ingliz tillarini o‘rganganman. Biroz muddat maktablarda chet tili o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat olib borganman. Yoshligimdan adabiyotni sevardim. Ona-tili va adabiyot bo‘yicha qayta tahsil oldim.
Yuqori sinflarda dars beraman. Ayni ish faoliyatimni boshlagan kezlarim maktablarda maosh juda kam edi. Tadbirkorlikda o‘zimni sinab ko‘rish istagi ham paydo bo‘lgan. Shunda katta opam har bir ishni maromiga yetkazishni o‘rgansanggina haqiqiy g‘alabani his qilasan, deya o‘z kasbimni davom ettirishga undagan. Intilgan odam muvaffaqiyat qozonadi albatta. Bunga o‘z hayot tajribamda guvoh bo‘ldim.
Zamon o‘zgardi. O‘qituvchiga hurmat, e’tibor qayta boshladi, maoshlar oshirildi. Men hayotimda erishgan har bir yutug‘imga kasbim orqali erishdim. Maoshimdan tashqari vazir jamg‘armasi, qo‘shimcha ustama pullar bilan ming AQSH dollari atrofida maosh olaman. Xohlovchilar uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil qilganman. Men saboq bergan o‘quvchilarning ko‘pchiligi oliygoh talabasi bo‘lishgani bois, ularning ota-onasidan minnatdorlik so‘zlarini eshitaman. Shunda kasbimdan faxrlanaman. Qo‘shimcha darslarda ishtirok etadigan o‘quvchi uchun to‘lov pulini qat’iy bitta summada belgilamayman. Har kim o‘z sharoitidan kelib chiqib to‘lov qiladi. Oilaviy sharoiti og‘ir, ammo o‘qishga ishtiyoqi baland o‘quvchiga hech bir to‘lovlarsiz dars o‘taman.
Kunimning aksariyat qismi kutubxonada o‘tadi. Badiiy kitob o‘qishni sevaman. Ko‘pchilik hozirgi yoshlarni kitob o‘qimaslikda ayblaydi. Ammo men bilgan, tanigan yoshlar orasida tinmasdan kitob mutolaa qiluvchilar bir talay. O‘quvchilarim fan olimpiadalarining respublika bosqichida yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Demoqchimanki, o‘zingizga ishonsangiz har sohada muvaffaqiyatga erishish mumkin. Muammolarning yechimi esa ta’lim, ta’lim va yana ta’lim!
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA