Internet narxlariga oid ma’lumot eski ekani qayd etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sh.Axmatov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda, ommaviy axborot vositalarida AKT vazirligining ayrim ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar boshqacha talqinda tarqatilgani sabab ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritildi.
Qayd etilishicha, mazkur ma’lumotlar Adliya vazirining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n uchinchi yalpi majlisida so‘zlagan nutqidan olingan.
Jumladan, adliya vaziri Ruslan Davletov o‘z nutqida 1 Gigabayt mobil internet (Hindistonda 950 so‘m, Isroilda 1,2 ming so‘m, Qirg‘izistonda 2,2 ming so‘m, Italiyada 4,5 ming so‘m, Ukrainada 4,9 ming so‘m, Qozog‘istonda 5 ming so‘m) O‘zbekistonda 16 ming so‘mni tashkil etishini keltirib o‘tgan.
Brifingda vazirlik matbuot kotibining aniqlik kiritilishicha, ushbu ma’lumotlar resursidan olingan bo‘lib, 2020 yilning fevral oyida shakllantirilgan. Hozirgi kundagi ko‘rsatkichlarga mos kelmaydi. Shu bilan birga, mazkur resurs tomonidan O‘zbekistondagi operatorlarning aynan qaysi tarif reja yoki paketlari haqida ma’lumot olinganligi ko‘rsatilmagan.
– bugungi kun holatiga respublikamiz aholisining oylik o‘rtacha internet sarfi 4-5 Gigabaytga tashkil etadi. Aynan shu asosda amaldagi mobil internet paketlari narxlarini tahlil qilsak, 1 Gigabayt hajmdagi mobil internet xizmatining o‘rtacha narxi 6-7 ming so‘mni tashkil etmoqda, – dedi Sh.Axmatov.
Qayd etilishicha, aholiga qulaylik yaratish maqsadida mobil internet xizmatlari narxlarini yanada arzonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Qolaversa, 2019-2021 yillarda operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif mavjud texnik quvvatlarni keskin oshirish hisobiga operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan 1 Megabit/s tezlikdagi kanal narxi 2 barobarga arzonlashtirildi va hozirgi kunda ushbu xizmat narxi 40 ming so‘m, deb belgilangan.
Hozirgi kunda respublikamizda GSM standarti asosida 6 ta mobil aloqa operatori aholiga telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. «O‘zbektelekom» AK tomonidan 2019-2021 yillarda mobil aloqa abonentlari uchun internet paketlari (1 Megabayt uchun) narxlari 5 barobargacha arzonlashdi hamda kiritilgan internet trafigi hajmi o‘rtacha 3-5 martagacha oshirildi. Bir qator tarif rejalarida taqdim etiladigan internet trafik miqdori 30 foizgacha ortdi.
Shuningdek, simli internet xizmatlari bo‘yicha jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan internetga keng polosali ulanish xizmatlari tariflari narxi o‘rtacha 4,6 barobarga pasaytirildi va ulanish tezligi 6-7 barobarga oshirildi. Yuridik shaxslar uchun esa internet xizmatlari narxi 3 barobardan ko‘proqqa pasaytirilib, internetga ulanish tezligi 4 martagacha oshirildi. Barcha abonentlar uchun Uz-IX/Tas-IX tarmoq resurslari orqali foydalanilgan trafik uchun to‘lov olinmaydi, ushbu tarmoqlardan yuqori tezliklarda foydalanish imkoniyati taqdim etildi.
Optik tolali aloqa liniyalarini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. 2018 yilda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 26,6 ming kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 72 ming kilometrga yetkazildi. Joriy yil oxiriga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni 118,6 ming kilometrgacha yetkazish rejalashtirilgan.