Interaktiv xizmatlar: amaliyot va samara
Mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.Prezidentimizning 2012-yil 21-martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Mazkur qaror asosida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi va uning quyi tizimlarida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Boshqarma va uning quyi tizimlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Umrbek Tojiboyev. – Barcha markazlar bilan elektron hujjat almashish yo‘lga qo‘yilgan. Tizimda mamlakat bo‘yicha yagona lokal aloqa tarmog‘i ishga tushirilgan. Bu o‘zaro ma’lumot almashishning tez va sifatli amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Boshqarmada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarning samarali tashkil etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, joriy yilning birinchi choragida boshqarma tomonidan sudlarga tadbirkorlarning 5 milliard 795 million so‘mga yaqin mablag‘ini undirishga qaratilgan yuzdan ortiq da’vo arizasi kiritildi. Ularning aksariyati tadbirkorlar foydasiga hal etildi. O‘tgan davr davomida tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Tadbirkorlar kuni” tadbirlarida olti mingga yaqin tadbirkorlik subyekti vakillari ishtirok etib, o‘z faoliyatiga taalluqli muammo va masalalar yuzasidan murojaat qildi.
Boshqarma va uning quyi tizimlari mutaxassislari huquq-tartibot, soliq idoralari, banklar, Fermerlar kengashi, “Hunarmand” uyushmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlarda biznesni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kredit olish tartibi, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, xo‘jalik va davlat boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash bilan bog‘liq jarayonlar xususida keng va atroflicha ma’lumotlar berilmoqda.
Boshqarma qoshida tashkil etilgan biznesga ko‘maklashish markazida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga interaktiv davlat xizmati ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Fuqarolar uyi yoki ish joyidan turib palata xizmatlaridan foydalanishi, zarur savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishi mumkin. Markazda maxsus elektron uskuna – “Ma’lumotlar kioski” o‘rnatilgan bo‘lib, unda markaz tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, tadbirkorlik faoliyatini yuritish borasidagi zarur hujjatlarning namunalari, Savdo-sanoat palatasining uskuna va mini texnologiyalar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi, umuman, tadbirkorlik faoliyatiga oid ko‘plab ma’lumotlarning elektron shakli jamlangan.
– Internet orqali Savdo-sanoat palatasining interaktiv davlat xizmatidan foydalanib, “Ortiqov Oybek” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etdim va o‘zim yashayotgan mahallada trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim, – deydi yosh tadbirkor Shohista Ahmedova. – Zarur paytda faoliyatim yuzasidan Palataning interaktiv xizmati orqali barcha ma’lumotlarni olaman. Bu menga qisqa muddatda ko‘p narsadan xabardor bo‘lish, vaqtimni tejash imkonini bermoqda.
Boshqarma va uning quyi tizimlari tomonidan soliq va statistik hisobotlar elektron shaklda topshirilmoqda. Palata a’zolaridan olinadigan hisobotlar ham elektron shaklda qabul qilinadi. Bularning barchasi tadbirkorlarning vaqti va mablag‘ini tejab, ish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.