Interaktiv kioskalardan qanday foydalaniladi?
Davlat xizmatlaridan foydalanish yana ham osonlashmoqda. Aholi gavjum joylarga infokioskalar ham o‘rnatilmoqdaki, u orqali ayrim davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish mumkin.
Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur kioskalar orqali hozirda 37 xizmat ko‘rsatilmoqda. Yil yakuniga qadar tuman markazidan uzoqda joylashgan mahallalar va aholi gavjum bo‘lgan joylarga 1,5 mingga yaqin interaktiv kioskalar joylashtiriladi. Ular orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 70 taga yetkaziladi.
Interaktiv kioskalardan qanday foydalaniladi?
Buning uchun, avvalo, ekranga pasport ma’lumotlaringizni kiritasiz. Keyin yuzni skaner qilish (face.id) funksiyasi orqali shaxsingizni tasdiqlab, identifikatsiyadan o‘tasiz.
Kerakli davlat xizmat turini tanlaysiz. (Agarda pullik xizmat turini tanlagan bo‘lsangiz, xizmat haqini QK orqali to‘lash mumkin).
Qarabsizki, siz davlat xizmati markaziga bormasdan, navbat kutmasdan davlat xizmatidan foydalanasiz.
Aytib o‘tish kerakki, infokiosklar orqali ma’lumotnomalar olish, hisobga qo‘yish, ijtimoiy himoya, litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish, pensiya miqdori haqida ma’lumotnoma berish, ish stajini tasdiqlash haqida arxiv ma’lumotnomasini berish va hokazo xizmatlardan foydalanish mumkin.
N.Abduraimova, O‘zA