Intellektual yuksalish va raqamli kelajak: OKMK sanoatning yangi davriga qadam qo‘ymoqda
Bugungi shiddatli globallashuv va texnologik inqilob davrida sun’iy intellekt shunchaki zamonaviy trend emas, balki sanoat taraqqiyotining eng qudratli harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Raqamli texnologiyalarning ishlab chiqarish tizimiga jadallik bilan kirib borishi iqtisodiyotning "qon tomiri" hisoblangan yirik kombinatlar faoliyatida yangi davrni boshlab berdi.
Xususan, mamlakatimiz tog‘-kon sanoatining flagmani bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida sun’iy intellekt yechimlarini tatbiq etish orqali nafaqat yuqori samaradorlikka erishilmoqda, balki inson omili va xavf-xatarlarni minimallashtirishning innovatsion modellari yaratilmoqda. Kombinat mutaxassislarining intellektual salohiyati mevasi bo‘lgan "EM AI (Lab)", "EM AI (Tyre)" va "EM AI (Oil)" dasturlari bugungi kunda texnologik jarayonlarni boshqarishda yangicha mazmun va sifat kasb etmoqda.
Mazkur yangi avlod intellektual tizimlari transport vositalariga xizmat ko‘rsatishda an’anaviy yondashuvdan bashoratli boshqaruv modeliga o‘tishni ta’minlaydi. Ushbu dasturiy yechimlar texnikaning intellektual diagnostikasi, buzilishlarni prognoz qilish, laboratoriya jarayonlarini raqamlashtirish hamda agregatlarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi. Bu esa resurslarni (moylar, shinalar, uzellar) ma’lumotlar asosida oqilona boshqarish demakdir. Shuningdek, tizim real vaqt rejimida onlayn monitoring olib borish, uskunalarning "raqamli egizaklarini" shakllantirish va texnikaning hayotiy siklini nazorat qilish imkoniyatlarini taqdim etadi. Natijada texnika parki to‘liq shaffof, boshqariladigan va texnik holati oldindan ayon bo‘lgan tizimga aylanmoqda.
EM AI (Lab) — laboratoriya va operatsion ma’lumotlarni yagona raqamli muhitga birlashtiruvchi aqlli platformadir. Hozirda ushbu tizimni joriy etish ishlari yakuniy bosqichga chiqqan. Platforma texnikaning foydalanish tarixi aks etgan "raqamli pasportlarini" yaratish, qog‘ozbozlikdan voz kechish hamda QR-kodlar yordamida namunalar hisobini avtomatlashtirishni ta’minlaydi. Eng muhimi, SI texnologiyalari texnika eskirishining ilk belgilarini aniqlaydi. Ya’ni, transport vositasining ish rejimi qayd etilib, ehtiyot qismlar nosoz holatga kelishidan avval xabar beradi. Bu muhandislik xizmatlari uchun aniq tahliliy xulosalar berib, kutilmagan buzilishlarning oldini oladi.
Mazkur tizim yordamida bir oy ichida 3 ta avtosamosval dvigatelining jiddiy shikastlanishi oldi olindi. SI bergan tavsiyalar asosida texnikalar to‘xtatilib tekshirilganda, haqiqatdan ham nosozliklar borligi tasdiqlandi. Ehtiyot qismlar o‘z vaqtida almashtirilishi natijasida 12,6 milliard so‘mlik iqtisodiy samaradorlikka erishildi.
E’tiborli jihati, kombinat mutaxassislari ishlab chiqqan ushbu texnologiyalarni boshqa yirik sanoat korxonalarida ham qo‘llash mumkin. Bu nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki ishlab chiqarishni boshqarishning yangi standartlarini belgilab beradi. Bu yerda gap shunchaki yangi dastur haqida emas, balki xavf-xatarlar oldindan bashorat qilinadigan mutlaqo yangi sanoat modeli haqida ketmoqda.
Tizimni rivojlantirish doirasida quyidagi ixtisoslashtirilgan yechimlar ham tatbiq etildi.
- EM AI (Oil) — moylash materiallarini intellektual boshqarish tizimi.
- EM AI (Tyre) — shinalar holatini monitoring va tahlil qilish tizimi.
Barcha yechimlar yagona raqamli ekotizimga birlashtirilgan va sinxron holatda ishlaydi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar shunchaki texnik yangilanish emas, balki milliy sanoatning intellektual yuksalishidir. Bugungi yutuqlar — faqatgina katta yo‘lning boshlanishi. Zero, jamoaning strategik maqsadi — ishlab chiqarishning har bir bo‘g‘inida raqamli tafakkurni qaror toptirish va jahon bozorida raqobatbardoshlikni yangi pog‘onaga olib chiqishdan iborat. Ushbu intellektual yechimlar "Raqamli OKMK – 2030" strategiyasi doirasida belgilangan ulug‘vor maqsadlarga erishishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, yurtimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga qo‘shilgan munosib hissa bo‘lib tarix sahifalaridan joy oladi.
OKMK Axborot xizmati,
O‘zA