Institutning 30 yilligi tantanali nishonlandi
Samarqand davlat chet tillar instituti tashkil etilganligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Chet tillar sohasida kadrlar tayyorlashni jadallashtirish, mintaqadagi korxonalar va muassasalarning kengayib borayotgan xalqaro aloqalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida 1994 yil 8 noyabrda Prezident farmoni bilan tashkil etilgan institut mustaqillik mevasi o‘laroq o‘tgan davr mobaynida Samarqandning ko‘zga ko‘ringan oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylandi.
– Samarqand davlat universitetining xorijiy tillar fakulteti negizida tashkil etilgan institutda dastlabki yillarda nemis filologiyasi, ingliz filologiyasi, fransuz filologiyasi va maktabgacha tarbiya fakultetlari faoliyat ko‘rsatar, 500 nafarga yaqin talaba tahsil olardi, – deydi institut nemis filologiyasi kafedrasi professori Muxtor Begmatov. – Bugun esa 8 fakultetda 12 ming nafarga yaqin talaba o‘qiyapti. 19 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi, 16 magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Institutda saboq olgan mutaxassislar respublikamizning barcha hududlarida, xorijiy davlatlarda ishlayapti. Ular muassasamizning, bizning faxrimizdir.
Sana munosabati bilan institutda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Dastlab, talabalar festivali tashkil etilib, barcha fakultetlar ishtirokida ko‘rgazmalar, intellektual o‘yinlar va sport musobaqalari uyushtirildi. Badiiy dasturlar namoyish etildi.
[gallery-20468]
Tantanali marosimda dastlab xorijiy davlatlardagi hamkor oliy o‘quv yurtlari rahbarlari, yurtimizdagi diplomatik korpus vakillarining videotabriklari namoyish etildi.
Samarqand viloyati hokimining institut jamoasiga tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng institut rektori Bahodir Xoliqov so‘zga chiqib, barcha mehmonlar, professor-o‘qituvchilar va talabalarni tabrikladi. Institut tashkil etilganidan buyon unga rahbarlik qilgan sobiq rektorlar taklif etilib, ularga minnatdorlik ramzi sifatida to‘nlar kiydirildi.
Sobiq rektorlar Shahriyor Safarov, G‘anisher Rahimov, Shuhrat Sirojiddinov, Ilhomjon To‘xtasinov so‘zga chiqib, o‘z faoliyatlari davomida amalga oshirilgan ishlar, institutning kechagi kunini yodga oldilar.
Marosimda institut rivojiga katta hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar hamda bugun tashkil etilgan intellektual o‘yinlar va sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan talabalarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari