Institutda mahalla ayollari kasb-hunarga o‘rgatilmoqda
Namangan muhandislik-texnologiya instituti ilmiy kengashining tegishli qaroriga ko‘ra, oliygohdagi mavjud kafedralar ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini ko‘tarish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash orqali malakali kadrlar tayyorlash tajribasini ommalashtirish maqsadida “Kafedra kunlari” loyihasini o‘tkazish belgilangan edi.
Yengil sanoat texnologiyasi fakulteti trikotaj texnologiyasi kafedrasi o‘tgan qisqa vaqt davomida bajargan ishlari va erishilgan yutuqlarini namoyish etdi. Unda institut rektori Odiljon Mamatkarimov, barcha prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, tegishli bo‘lim boshliqlari, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti, Davlatobod tumani bandlikka ko‘maklashish markazi, trikotaj sanoati tarmog‘ida faoliyat olib borayotgan ishlab chiqarish korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Trikotaj texnologiyasi kafedrasi bazasidagi unitar korxonada talabalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, chop etilgan monografiyalar, o‘quv qo‘llanmalari va o‘tkazilgan tajribalar namunlaridan iborat ko‘rgazmalar tashkillashtirilib, mehmonlarga kafedradagi o‘quv, ilmiy-innovatsion ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan dars mashg‘ulotlari fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va tegishli bo‘lim boshliqlari tomonidan tahlil qilib borildi. Laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlarda yangi uslub va yondashuvlardan foydalanishning samarali jihatlari, mavzuni talabaga bir vaqtning o‘zida ham amaliy ham nazariy ko‘rsatish imkoniyatlari baholandi.
[gallery-10080]
Institut nafaqat talabalarga, balki barcha qatlamdagi aholi vakillariga ta’lim bermoqda. Gap shundaki, ayni kunlarda kafedra bazasida institut atrofida joylashgan o‘ndan ortiq mahallalarda istiqomat qilayotgan 60dan ziyod ayollarga trikotaj sanoati bo‘yicha kasb-hunar o‘rgatilmoqda. Davlatobod tumani bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikdagi mazkur o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarga sertifikatlar beriladi va istiqbolda ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
– Kafedra qoshida tashkil etilgan unitar korxonada ijtimoiy himoyaga muhtoj 19 nafar talaba darsdan so‘ng ishlab, iqtisodiy imkoniyatini yaxshilash barobarida soha bo‘yicha yanada teranroq ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda, – deydi NamMTI trikotaj texnologiyasi kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Qurbonali Xoliqov. – Sentyabr oyidan boshlab biz yana bir loyihani Davlatobod tumani bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda ishga tushirdik. Mahallalarda yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj ayollarga kasb-hunar o‘rgatilib, yakunda maxsus sertifikat beriladi va ular viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalariga bemalol ishga joylashib, faoliyat olib borishi mumkin. Kelgusida unitar korxonamizni kengaytirish hisobiga mahalla ayollarini ham ishga joylashtirishni reja qilganmiz.
Loyiha yakunida, trikotaj texnologiyasi kafedrasining ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini ko‘tarish, servis xizmatini yangi bosqichga olib chiqish, “Ustoz-shogird” an’analari asosida har bir talaba bilan ishlash kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA