Insoniyatning buguni va ertasiga daxldor muammo
Bugungi kunda butun dunyo mamlakatlari oldida muhim global masala — oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Yer yuzidagi ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, shuningdek, geosiyosiy vaziyat oziq-ovqat xavfsizligi masalasining dolzarbligini oshirmoqda.
Oziq-ovqat resurslari insoniyatning yashashi, hayoti, kelajagi uchun muhimdir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab chorak milliard odam ochlikdan aziyat chekmoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 2 milliarddan ortiq odam xavfsiz va sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlanmagan. Bularning barchasi insoniyat yashashida zarur bo‘lgan oziq-ovqat tizimlari va vositalari barqarorligi hamda moslashuvchanlik salohiyatini mustahkamlashni taqozo qiladi.
16 oktyabr — Xalqaro oziq-ovqat kuni
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan 1979 yilda o‘tkazilgan konferensiyada 16 oktyabrni “Xalqaro oziq-ovqat kuni” sifatida nishonlash taklifi ilgari surilgan. 1980 yil 5 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 35-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, har yilning 16 oktyabr kuni “Xalqaro oziq-ovqat kuni” deb e’lon qilindi. Bosh Assambleya mazkur hujjatda hukumatlar, milliy, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarni ushbu kunni keng miqyosda yuqori darajada nishonlashga chaqiradi.

Dunyoning turli mamlakatlarida Butunjahon oziq-ovqat kuni munosabati bilan oziq-ovqat yarmarkalari, ko‘rgazmalar, turli tanlovlar, festivallar, ilmiy konferensiyalar o‘tkaziladi. Bundan ko‘zlangan maqsad — ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik kabi global muammolarni hal qilish bo‘yicha fikr yuritish hamda keng jamoatchilikning oziq-ovqat xavfsizligi holati to‘g‘risida xabardorligini oshirish, mazkur masalaga davlatlar e’tiborini qaratishdan iborat.
Qishloq xo‘jaligi — oziq-ovqat ta’minotida hal qiluvchi tarmoq
Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda qishloq xo‘jaligi sohasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Zero, insoniyatning barcha oziq-ovqat mahsulotlari ona zaminda yetishtiriladigan tabiat mahsullaridir. Shunday ekan, agrar soha rivoji insoniyatni oziq-ovqat bilan ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.

Bu borada so‘nggi o‘n yillarda “yashil inqilob” va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarish hajmi oshdi. Yildan-yilga ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi. Ammo insoniyat boshiga tushgan og‘ir sinov — koronavirus pandemiyasi, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida uzilishlarni yuzaga keltirdi. Bu tabiiyki, narxlarga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Yurtimizda iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasiga alohida e’tibor qaratilib, iqlim o‘zgarishlarini hisobga olgan holda tarmoqning jadal rivojlanishiga zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligini yanada samarali va resurs tejaydigan sohaga aylantirish, xalqimizni arzon va barqaror narxlarda xavfsiz va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Dasturxonlarimiz to‘kinligi, hayotimiz farovonligi, to‘qchiligimiz qishloq xo‘jaligi bilan chambarchas bog‘liq ekan, bu sohaning barcha yo‘nalishlarida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Qator huquqiy hujjatlar asosida soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar ko‘rilayotganini e’tirof etish joiz. Birgina 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydonlarini 2022-2025 yillarda zaxiraga qaytarish va mazkur yer maydonlarini dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 10 yilga ijaraga berish nazarda tutilgani e’tiborga molik. Zotan, ushbu chora-tadbirlar asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda ming-minglab gektar maydonlarga g‘alla, sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va ozuqabop ekinlar ekilmoqda. Birgina meva-sabzavot yetishtiriladigan maydonlar hajmi yildan-yilga kengaytirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish mumkin ekan. Shu bois ham bu yo‘nalishda tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishning 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” ishlab chiqilgan. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu hujjat hozirda qabul qilish jarayonida.
Mazkur strategiyadan maqsad oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlab chiqarish jarayonlarida yo‘qotishlar, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mavjud muammolarga yechim topish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, mahsulotlar zaxirasini yaratish, mahsulotning xavfsizlik ko‘rsatkich me’yorlariga rioya etish, oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish, ijtimoiy himoyaning milliy tizimlarini kuchaytirish va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilishdan iborat.
O‘simlik moyiga talab 560 ming tonnani tashkil etadi
O‘simlik moylari muhim oziq-ovqat mahsuloti, kundalik ehtiyojlarimizdan biri hisoblanadi. Agar xonadonimizda o‘simlik moyi tugagan bo‘lsa, nima ovqat pishirishni bilmay boshimiz qotadi. Chunki usiz ovqat tayyorlashning imkoni yo‘q. Shu bois ham respublika aholisining o‘simlik moyiga bo‘lgan talabini ichki ishlab chiqarish hisobidan qoplash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda xalqimizning paxta moyi iste’moli kamayib, kungaboqar, soya, kunjut, maxsar va zig‘ir kabi o‘simliklar moyi iste’moliga talab keskin ortdi. Chunki ularning foydali xususiyatlari ko‘proqdir. Tahlillarga ko‘ra, respublikada o‘simlik moyiga bo‘lgan talab 560 ming tonnani tashkil etib, shundan 470 ming tonnasi aholi iste’moliga hamda 90 ming tonnasi chorvachilik va parrandachilikka to‘g‘ri keladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining bergan ma’lumotlarida qayd etilishicha, joriy yil hosili uchun 224 ming gektar yoki o‘tgan yildan 52 ming gektar ko‘p moyli ekinlar ekilgan — 103 ming gektar soya, 53 ming gektar kungaboqar, 33 ming gektar kunjut, 22 ming gektar maxsar, 13 ming gektar zig‘ir kabilar shular jumlasidandir. Jami 435 ming tonna moy ishlab chiqarilar ekan. Shundan 350 ming tonna paxta, 32 ming tonna soya, 35 ming tonna kungaboqar, 9 ming tonna kunjut, 6 ming tonna maxsar, 3 ming tonna zig‘ir moyi. Bu esa aholi yillik iste’mol talabining 92 fizini ta’minlaydi. Aholi iste’moli uchun yetishmaydigan 35 ming tonna va chorvachilik tarmoqlari uchun 90 ming tonna, jami 125 ming tonna o‘simlik moyi chet davlatlardan import qilinadi.
Yurtimiz aholisining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zimizda yetishtirish va import hajmini kamaytirish masalasiga doimiy e’tibor qaratib kelinadi. Bu borada so‘nggi yillarda moyli ekinlar maydoni ham 2,2 barobarga kengaytirildi va hosildorlik 5-6 sentnerga oshdi. Buning natijasida o‘simlik moyi importi 2020 yilga nisbatan 75 ming tonnaga kamayishi hisobiga 73 million dollar iqtisod qilindi. Respublikamizda moyli ekinlar maydonlarini kamida 100-150 ming gektarga kengaytirib, aholining o‘simlik moyiga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish imkoniyati mavjudligi sohadagi ishlarni yanada jadallashtirishni taqozo etadi.
Ta’kidlash joizki, bu borada ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Soha olimlari tomonidan olib borilgan sinovlar natijasida kungaboqarning tezpishar, moylilik darajasi 45-50 foizga yuqori bo‘lgan 69 ta nav va duragaylarini respublika hududlarida ekish yo‘lga qo‘yildi. Umuman, moyli ekinlar ekish, yetishtirish va qayta ishlash borasidagi amaliy ishlar yurtimiz aholisini o‘simlik moyi bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Eksport — yetarli zaxiradan keyingi daromad
Serquyosh o‘lkamizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nafaqat yurtimiz aholisi dasturxonini to‘ldiradi, balki xorijiy davlatlarning talabidan kelib chiqib, eksportga ham yo‘naltiriladi. Bu esa iqtisodiyotimiz mustahkamligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Agrar tarmoqdagi samaradorlik mamlakatimizning eksport salohiyatini ham yildan-yilga oshirmoqda. Bu borada Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston 1,1 million tonna meva-sabzavotlar eksportini amalga oshirgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga yoki 153,8 ming tonnaga ko‘paygan.

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya, Pokiston, Qozog‘iston hamda Qirg‘iz Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, joriy yarim yil davomida xorijga qiymati 672,9 million dollarlik meva-sabzavotlar eksport qilingan.
Oziq-ovqat xavfsizligi keng platformada muhokama qilindi
Ma’lumki, shu yil sentyabr oyida Samarqand shahrida oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlab xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Mazkur anjumanda dunyoning 32 ta davlatidan 620 nafardan ziyod xorijiy mehmon hamda 30 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotdan vakillar ishtirok etdi.
Nufuzli vakillar ishtirokidagi mazkur tadbirda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasining barcha sohalari qizg‘in muhokama qilindi. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlarini ishlab chiqish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro yetkazib berishning kelishilgan sxemalarini shakllantirish, suv va yer resurslari, raqamlashtirish va innovatsiyalar, dengizga chiqa olmaydigan mamlakatlarga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, “Yashil” va ekspress yo‘laklarni tashkil etish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi innovatsion va yaxshi natija bergan loyihalar taqdimot qilindi.
Bu kabi xalqaro anjumanlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda dunyo hamjamiyati birgalikda boshqotirishi, mavjud muammolarga hamkorlikda yechim izlashi va kelgusidagi marralarni belgilab olishi uchun samarador platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi yildan-yilga ustuvorlik kasb etayotgan ayni damda ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va yanada jadallashtirish muhimdir.
Muhtarama Komilova,
O‘zA