Inson salomatligi – barcha narsadan ustun
“Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 40-moddasi.
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish hamda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Binobarin, Bosh Qomusimizda ham har bir inson malakali tibbiy xizmat olish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. Mamlakatimizda shu asosga muvofiq sog‘liqni saqlash, xususan aholi salomatligini mustahkamlash bo‘yicha aniq tizim ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda.
Davlatimiz rahbari har safar “Xalq tibbiyot sohasiga qanchalik ishonsa, davlatga ham shunchalik ishonadi, xalq ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan rozi bo‘lsa – bugungi kunda olib borilayotgan siyosatdan ham rozi bo‘ladi”, deya takrorlaydi. Darhaqiqat, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ayniqsa, koronavirus bilan bog‘liq bugungi murakkab sharoitda juda muhimdir.
Bu borada joriy yil 6 noyabrda Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlariga oid ustuvor vazifalar belgilab berildi. Bu ham yurtdoshlarimizning konstitutsion huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, uning ahamiyati haqida aholi salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan shifokorlar bilan suhbatlashdik.
– Oilaviy poliklinikamizda 12 umumiy amaliyot shifokori, 5 ginekolog, tor doiradagi 8 mutaxassis-shifokor qariyb 42 ming nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi Yakkasaroy tumanidagi 59-oilaviy poliklinika bosh shifokori Nigora Bozorova. – Ayni paytda 8 umumta’lim maktabi, 9 maktabgacha ta’lim muassasasi o‘quvchi va tarbiyalanuvchilarining salomatligi va tibbiy ko‘rigi uchun mas’ulmiz.
Aholiga qulay bo‘lishi uchun tor doiradagi 10 mutaxassis va shifokorimiz muntazam keksa yoshdagi, mustaqil ravishda kela olmaydigan bemorlarga belgilangan grafik bo‘yicha ko‘rik kunlari doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ularga davlat tomonidan ajratilgan 22 turdagi dori-darmon bepul tarqatilib, flyuorografiya, laborator, PSR usulida Covid-19 tahlillari o‘tkazilmoqda. Aniqlangan bemorlar doimiy kuzatuvga olinib, ularga individual patronaj xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
Darhaqiqat, bugungi kunda tibbiyotni rivojlantirish borasida ulkan imkoniyat yaratilmoqda. Bu borada sog‘lig‘imiz posbonlarini muntazam rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani sohaga yuksak e’tibor qaratiyotganining yorqin ifodasidir.
– Sog‘lig‘ini o‘ylagan odam, avvalo, barcha gigiyenik talablarni bajarib, doimo shifokor maslahatiga amal qiladi, – deydi fuqaro Xosiyat Sharipova. – Muntazam poliklinika tibbiy ko‘rigidan o‘taman, qandli diabet kasalligiga qarshi dori beradi. Shifokorlarimiz bizning sog‘lom bo‘lishimiz uchun o‘z xizmatlari va maslahatlarini ayamaydi. Hozirgi murakkab vaziyat shifokorlardan ikki karra mas’uliyat va fidoyilik talab etadi. Bu borada poliklinikamiz shifokorlaridan minnatdorman.
Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi ehtiyojidan kelib chiqib, kelgusi yil hududlarda 100 ta qishloq vrachlik punkti va 24 ta oilaviy poliklinika tashkil etilishi belgilandi. Hududlarda xususiy sektorni jalb qilgan holda ilg‘or xorijiy klinikalar filiallari, shuningdek, 17 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazining kasalliklar turi va dinamikasidan kelib chiqib, joylarda mintaqaviy filiallari tashkil etiladi. Aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratiladi. Buning uchun tibbiyot xodimlari planshet, mobil diagnostika vositalari bilan ta’minlanadi.
Hozirda chekka hududlarimizda tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyoj kundan kun o‘smoqda. Shu munosabat bilan, hududlardagi birlamchi bo‘g‘in tibbiyot tizimi uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinadi. Dasturga muvofiq, olis hududlardagi birlamchi bo‘g‘inga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i beriladi. Ular xizmat uyi bilan ta’minlanadi yoki ijara to‘lovi kompensatsiya qilinadi. Bunday imkoniyatlar, o‘z navbatida, yoshlarni tizim rivoji uchun yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi.
Aytish joizki, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning yangi – inqilobiy bosqichiga start berildi. Inson baxtli bo‘lishi, bugungi yashayotgan hayotidan rozi bo‘lishi, o‘zi va farzandlarining xavfsiz, tibbiyot tizimi rivojlangan jamiyatda yashashi kafolati aynan qonun ustuvor bo‘lgan joydagina ta’minlanadi.

Mohinur QUDRATULLAEVA, O‘zA