Inson qadrini ulug‘lab, farovon kelajak sari
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlanishida o‘zgacha ma’no, insoparvarlik g‘oyasi mujassam. Shu bilan birga, salomatligimiz uchun nihoyatda muhim bo‘lgan ona tabiat bilan munosabat siyosat darajasiga ko‘tarilgani barchamizning zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Butun dunyoda ekologik muammo birlamchi ahamiyat kasb etayotgan hozirgi davrda toza havoni asrash, qulay iqlim yaratish, ajdodlardan meros tabiatni avaylash salomatlikning asosiy garovidir. Qolaversa, Uchinchi Renessans poydevori yaratilayotgan Yangi O‘zbekistonimiz sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar ham malakali tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan.

So‘nggi yillarda diyorimizda ilm ahlining jamiyatdagi qadri va nufuzini oshirish, ulug‘ ajdodlarimiz yaratib ketgan boy ilmiy merosni o‘rganish, ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish va rivojlantirish masalasi alohida e’tiborga olindi. Oliy o‘quv yurtlarida ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirish, ushbu jarayon ko‘lamini kengaytirish borasida diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, Samarqand davlat tibbiyot universiteti mamlakatimizning nufuzli tibbiyot oliygohlari qatorida tilga olinadi.

Ilmiy-nazariy, ma’naviy-ma’rifiy an’analarga ega mazkur ta’lim maskani Rossiya, Belarus, Xitoy, Janubiy Koreya davlatlaridagi yetakchi turdosh oliy o‘quv yurtlari bilan samarali hamkorlik o‘rnatib, ikki tomonlama manfaatli bitimlar tuzishga erishdi. Hamkorlik samarasi o‘laroq, muntazam ravishda xalqaro ilmiy- amaliy anjumanlar, turli seminarlar o‘tkazib kelinmoqda. Akademik mobillik doirasida oliy o‘quv yurtlari aro talaba almashish, ayniqsa yosh olimlarning xorijda tadqiqot o‘tashi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Inson va jamiyat taraqqiyoti bir-birini to‘ldirib, takomillashtirib boradigan, tamaddunning yuqori bosqichiga olib chiqadigan ma’naviy-ma’rifiy hodisadir. Tarixiy rivojlanish tafakkur qonuniyatidan kelib chiqadi va o‘zida ilm, madaniyat olami qadriyatlarini aks ettiradi. Shu nuqtai nazardan SamDTU ko‘p tarmoqli klinikasining qariyb 100 yillik tarixi zamirida o‘ziga xos qadriyat mujassam.

Majmuada tug‘ruq kompleksi, maslahat poliklinikasi, funksional diagnostika, endoskopik xirurgiya bo‘limlari hamda umumiy amaliyot shifokorlari tayyorlash markazi faoliyat ko‘rsatadi. Muassasa zamonaviy, yuqori texnologiyali tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Xususan, to‘rt yil muqaddam klinikada zamonaviy MRT, MSKT, raqamli rentgen, so‘nggi rusumdagi UTT apparatlari o‘rnatilgan tashhis markazi ishga tushirildi. Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiya vositalari yordamida murakkab operatsiyalar, jumladan jigar va buyrak transplantatsiyasi, bariatrik, neyroendoskopik, mikroftalmologik, endourologik, laparoskopik, torakoskopik jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi.
E’tirof etish joiz, bugun respublika darajasidagi 261 turdagi jarrohlik amaliyotlarining 243 tasi Samarqandda amalga oshirilmoqda. Demak, viloyatdagi tibbiy maskanlar moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanyapti.

Professor Jasur Rizayev rahbarligidagi Ayni payt 14 000 ga yaqin talaba tahsil olayotgan SAmDTUda 325 fan nomzodi (PhD), 71 fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega xodimlar ishlaydi. Keyingi yillarda ilmiy darajali xodimlar ulushi 3 barobar oshdi, yillar kesimida dissertatsiyalar himoyasida ijobiy tendensiya yaqqol kuzatilmoqda.
Xalqaro ilmiy-amaliy simpoziumlar doirasida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish, audiovizual texnologiya va yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya tizimi yordamida jarrohlik ta’limining muhim vositasi bo‘lgan operatsiya xonalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarrohlik amaliyotini kuzatish, endoskopik jarrohlik, onkologiya, bariatriya bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ishtirokida soha muammolari va dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun davra suhbatlari tashkil etish an’anaga aylangan.
Oliygoh tarkibida Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti, L.M.Isayev nomli Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti va klinikasi, Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi tashkil etilgan.
Xulosa qilib aytganda, Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi oldiga qo‘yilgan aniq maqsadlardan biri shuki, mamlakatimizning hech bir fuqarosi shifo izlab, o‘zga yurtlardan najot kutmasin. O‘zimiz tibbiyotning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirib, xalqimizga vijdonan, xolisona xizmat qilaylik, malakali tibbiy yordam ko‘rsataylik. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni yuksaltirishga erishaylik.
Hamza Hamroyev,
SamDTU dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi
O‘zA