Inson qadri va uning manfaatlari hamma narsadan ustun
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tomonidan olis va chekka qishloqlarda o‘tkazib kelinayotgan bu kabi tadbirlar aholi muammolarini o‘rganish, ularga yechim topishga ko‘maklashish, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga moddiy-ma’naviy, tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Respublika mahallalar kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Bo‘ka tumanidagi Xalq qabulxonasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, tuman hokimligi hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda tumanning “Achimayli”, “Achimayli fayz-baraka”, “Dashtobod”, “Qoraqo‘yli”, “Ibrat”, “Beshkapa”, “Jagalbayli”, “Qoraquduq”, “Toshloq” va “Ravot” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi ishtirok etdi.
Keksalar, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan hamda o‘zgalar ko‘magiga muhtojlarga manzilli yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda viloyat tibbiyot boshqarmasining nevrolog, otorinolaringolog, urolog, oftalmolog, endokrinolog, kardiolog, terapevt kabi 17 xil tor mutaxassislikdagi malakali shifokorlari jalb etilib, 530 nafarga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan xastaliklar bo‘yicha 12 turdagi zaruriy dori-darmonlar berildi.
Viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasining zamonaviy oftalmoskop apparati o‘rnatilgan ko‘chma avtobusi orqali 76 nafar fuqaro tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ularga davolanish va ko‘rish qobiliyatini yaxshilash bo‘yicha tavsiya berildi.
Harakatlanish imkoniyati cheklangan insonlar ham bunday xayrli ko‘makdan bebahra qolmadi. Jumladan, 15 nafar keksa va nogironligi bo‘lganlar yashash manzilidan transport vositasida olib kelinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 12 nafari xonadonida ushbu imkoniyatdan foydalandi.
Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari ham olib borilib, ishtirokchilarga yod tanqisligi, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning ayanchli oqibatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir doirasida hudud aholisi uchun sayyor qabul tashkil etilib, Respublika mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari B.Parpiev, tuman hokimi B.Ibragimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasi mudiri X.Po‘latxo‘jaev fuqarolar murojaatini tingladi.
Sayyor qabulda 25 fuqaroning turli darajadagi muammolari joyida hal etildi. 5 nafar kishining murojaati bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. 4 nafar ehtiyojmand fuqaroga nogironlik aravachasi, 3 nafariga boshqa turdagi reabilitatsiya tibbiy vositalari berildi. Shuningdek, sektor rahbarlari tomonidan 35 ehtiyojmand oilaga qariyb 10 tonna ko‘mir bepul tarqatildi. Shuningdek, 14 nafar keksa va faxriy, 12 nafar nogironligi bor fuqaro, 13 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilaga borilib, oziq-ovqat mahsulotlari, zarur dori-darmon berildi.
Fuqarolar tomonidan ko‘chalarni yoritish, yo‘llarni asfaltlash, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarni hal etish, turli davlat organlari mutasaddi rahbarlarining tegishli yo‘nalishdagi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, “Oila – mahalla – maktab” hamkorligini amaliy natijalarga yo‘naltirish kabi masalalar ko‘tarilgani aholining mamlakat va jamiyat taqdiriga befarq emasligi, amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik ruhi bilan yashayotgan yurtdoshlarimiz soni kun sayin ortayotganidan dalolat beradi, albatta.
Tadbir doirasida shuningdek, aholi bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, unda ish so‘rab murojaat qilgan 85 nafar fuqarodan 11 nafariga tanlagan ish joyi bo‘yicha yo‘llanma berildi.
Bundan tashqari, tumandagi Agrosanoat va transport kasb-hunar kollejida Respublika mahallalar kengashi raisi o‘rinbosari B.Parpiev tomonidan tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari hamda faollari ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Amaliy muloqotda ishtirokchilarga Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Muxtasar aytganda, mazkur tadbir mamlakatimizda “Inson qadri va uning manfaatlari hamma narsadan ustun” degan insonparvar g‘oya asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.