Inson qadri e’zozlangan yurt
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, nuroniylar va mehnat faxriylariga ehtirom ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, umrini xalq xizmatiga bag‘ishlagan, mahalla tinchligi va jamiyat ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan insonlarga ko‘rsatilayotgan hurmat xalqimizga xos oliyjanoblik va bag‘rikenglikning yorqin namunasidir.
Ana shunday e’tiborga sazovor insonlardan biri Navoiy viloyati, Karmana tumanida istiqomat qiluvchi Dilmurod ota Xolovdir. Viloyat hokimi Normat Tursunov unga “Prezident hojisi” tashabbusi doirasida ajratilgan Haj yo‘llanmasini tantanali ravishda topshirdi.

D.Xolov uzoq yillar davomida mahalla tizimida mas’ul vazifalarda samarali ishlab, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan. Bugungi kunda ham mahalladagi “Keksalar maslahati” guruhi raisi sifatida yoshlarga hayotiy tajribasi va ezgu maslahatlari bilan yo‘l ko‘rsatib kelmoqda.

Ko‘p yillik samarali mehnati va jamoatchilik ishlaridagi faolligi uchun u “Shuhrat” medali hamda “I darajali mehnat faxriysi” kabi yuksak mukofotlar bilan taqdirlangan.

Tadbir davomida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz taraqqiyoti va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining bardavom bo‘lishi uchun xayrli duolar qilish so‘raldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri