Inson manfaatlari ustuvor bo‘lgan yurt
Mamlakatimizda 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida keng nisholanmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida ham ushbu kunga bag‘ishlab bir qator tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, akademiyada tahsil olayotgan talabalarning O‘zbekiston Respublikasi “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonuni bo‘yicha bilimini oshirish, ushbu qonun moddalarini to‘laqonli o‘rganish va hayotga keng tatbiq etish ko‘nikmalarini boyitish, ularning huquqiy ongini shakllantirish, faol fuqarolik pozitsiyasi, mustaqil fikrlash, dunyoqarash va mustahkam nuqtai nazarni shakllantirish hamda sohaga oid qonunchilik hujjatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida “Kasaba uyushmasi bilimdoni” ko‘rik-tanlovi yuqori saviyada o‘tkazildi.

Shkningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash, talabalarning iqtidorlarini namoyish etishi uchun imkoniyat yaratish hamda ularni rag‘batlantirish, Kasaba uyushmalari xodimlari kunini keng nishonlash, talabalarning mehnat huquqlariga doir bilimlarini boyitish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinlari ham g‘oyat qiziqarli va samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi.
Ushbu musobaqalar davomida akademiyada tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni aniqlash, ular orasida intellektual o‘yinlarni keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, talabalar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan "Besh tashabbus"ni keng targ‘ib etish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish maqsadida sportning mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi va shaxmat-shashka turlari bo‘yicha “Talabalar ligasi” musobaqalari tashkil etildi.
Ushbu bellashuvlarda barcha akademik guruhlar talabalaridan tarkib topgan jamoalar va talabalar g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Shuningdek, mazkur akademiyada 11 noyabr — Kasaba uyushmalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirda sport musobaqalari va ko‘rik- tanlovlar g‘oliblari munosib taqdirlandi.

Taqdirlash marosimida Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi rektori Sayfullo Ahmedov mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida inson manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, kasaba uyushmalari tizimida akademiyaning tutgan o‘rni, talabalarning har tomonlama mukammal bilim olishi, kasb-hunar egallashi alohida qayd etildi.
Tadbir davomida “Kasaba uyushmasi bilimdoni” ko‘rik-tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda sportning mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi va shaxmat-shashka turlari bo‘yicha “Talabalar ligasi” musobaqalari g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi. G‘olib va sovrindorlarga diplomlar, medallar, kubok va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.
Akademiya talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy-musiqiy dastur ma’rifiy tadbirga yanada baland ruh bag‘ishladi.
N.Usmonova, O‘zA