Inson kamoloti indeksi: o‘rtacha umr ko‘rishni uzaytirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining sayyor majlisida Inson kamoloti indeksi doirasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Qo‘mita raisi Odiljon Mamatkarimov ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida Inson kamoloti indeksining eng muhim tarkibiy qismi bo‘lgan o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish uchun tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va barvaqt o‘lim holatlarini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetdi, 2026-yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 75,5 yoshga va 2030-yilgacha 78 yoshga yetkazish rejalashtirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirining qayd etishicha, respublika bo‘yicha 2025-yilda 5,6 mln. nafar bolada 13 turdagi vaksinalar bilan boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari tashkil etilgan.
2025-yil mobaynida respublikaning birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida 9,3 milliondan ziyod 15-49 yoshidagi ayollarning 9,2 million nafari (98,7 foiz) tasdiqlangan tarmoq-reja asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ularning 3,3 millionida (36,3 foiz) turli kasalliklar aniqlanib, 3,2 million (97,3 foiz) ayol sog‘lomlashtirilgan.

231 tug‘uruq muassasasini 23 turdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash borasida “Ishonch - 2030” loyihasi doirasida YUNISEF tashkiloti tomonidan 3 turdagi 409 jihoz ehtiyot qismlari bilan 2,17 million AQSH dollariga xarid qilingan.
Senatorlar tomonidan mahallalar darajasida aholini tibbiy xatlovdan o‘tkazish va surunkali kasalliklarga moyilligi bo‘lgan shaxslarni maqsadli skrining tizimini takomillashtirish, yurak-qon tomir, qandli diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘lgan bemorlarni birlamchi bo‘g‘inda bepul dorilar bilan ta’minlash hajmini yanada kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Majlis yakunida qo‘mitaning Inson kamoloti indeksini yaxshilashga qaratilgan vazifalarni o‘z ichiga olgan qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA