Inson huquqlarini yuksaltirish yo‘lida
Munosabat
Joriy yilning 27 aprel kuni «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi.
O‘zA muxbiriga Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Firuza MUHITDINOVA ushbu yangi tahrirda qabul qilingan qonunning mazmun-mohiyati va uning amaliy o‘rni haqida so‘zlab berdi.
– 101 moddadan iborat Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risida qonun yangi tahrirda e’lon qilindi, – dedi F.Muhitdinova. – Qonunning yangiligi shundaki, unda Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va o‘rganish masalalari aniq belgilangan.
Quvonarli tomoni kecha Konstitutsiyaviy sud to‘g‘risidagi yangi tahrirdagi qonun fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqini berib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi sub’ektlar doirasi yanada kengaytirilgani yangilanayotgan O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishning, sud-huquq sohasidagi islohotlarning mantiqiy izchilligini ta’minlaydi.
Shu kunga qadar Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solinib kelgan bo‘lsa, endilikda yangi tahrirdagi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishi 3-moddasida belgilangan.
4-moddada esa Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari ya’ni Konstitutsiyaviy sud:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlashi;
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlashi;
Uchinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish;
To‘rtinchidan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh berish;
Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqish;
Oltinchidan, konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish hamda fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlar bo‘yicha qonunlarning konstitutsiyaviyligini aniqlash kabi vakolatlarini amalga oshirishi o‘z ifodasini topgan.
E’tiborli jihati, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Konstitutsiyaviy sud qayd qilingan vakolatlarni amalga oshirayotganida boshqa sudlarning yoki organlarning vakolatlariga kiradigan barcha yo‘nalishlarda haqiqiy holatlarni aniqlash va tekshirishdan o‘zini tiyadi.
Mazkur qonunda konstitutsiyaviy sud va sudyalarning mustaqilligi ham belgilangan. Qonunning 11-moddasida Konstitutsiyaviy sud sudyasining qasamyodi qayd etilganki, unda o‘z vakolatini halol va vijdonan bajarishga qaratilgan qasamyod har bir fuqaromizning odil sudlov himoyasida ekanligini bildiradi.
Qonunga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi.
Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Konstitutsiyaviy sud rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda to‘qqiz nafar sudyadan iborat bo‘ladi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati – besh yil. Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiyligi qonun ustuvorligini ta’minlaydi.
Ana shunday islohotlar natijasida O‘zbekiston ilk bora BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘ldi. Bu yangi qonun ham O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi sa’y-harakatlari, konstitutsiyaviy asosini yanada yuqori bosqichga chiqarishiga ishonamiz.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.